Putin saylovchilardan "Yedinaya Rossiya"ga ovoz berishni so'ramoqda


Rossiyada 2 dekabr kuni parlament saylovlari. Prezident Putin fuqarolarni uning “Yedinaya Rossiya” partiyasiga ovoz berishga chaqirgan.

Moskvadagi muxbirimiz Piter Fedinskiyning xabar berishicha, tanqidchilar Kremlni hiyla-nayrang ishlatib, Yedinaya Rossiya g’alabasini ta’minlayotganlikda ayblamoqda.

Shu kunlarda televideniye orqali ko’rsatilayotgan saylov-oldi reklamalar Putin boshchiligidagi Rossiya har jihatdan – siyosiy, madaniy hamda ilm-fan va sportda muvaffaqiyatga erishgani haqida jar soladi.

Putinning “Yedinaya Rossiya” partiyasiga ovoz bersangiz, deyiladi unda, hayotingiz yanada farovon bo’ladi.

Partiya a’zolariga ko’ra, g’alaba “Putin rejasini” amalga oshirish uchun muhim. Biroq ommaviy so’rovlarga muvofiq, aksariyat rossiyaliklar reja tafsilotlari haqida bilmaydi.

Tanqidchilar nazarida esa Putinning maqsadi hokimiyatda qolish. Boris Nemtsov – “Soyuz Pravix Sil” partiyasidan parlamentga nomzod.

“Vladimir Putin tanlagan yo’l Rossiyani qonunsizlik, byurokratiya va korrupsiyaga yetaklaydi,” - deydi Nemtsov.

“Yedinaya Rossiya” partiyasiga ko’ra, mamlakat iqtisodiyotini ko’tarishda Putinning roli katta. Tanqidchilar esa Rossiya xazinasi shunchaki jahon bozorida neft narxi oshganidan boyidi deydi. Ular nazarida, yonilg’i narxi pasaysa, mamlakatda iqtisodiy o’sish ham to’xtaydi.

Muxolifatchi siyosiy partiyalar ularga davlat televideniyesiga yo’l yopiq ekanidan nolimoqda. Faollar saylov broshyuralari musodara qilinganini aytadi.

Yaqinda Moskva sudi muxolifat rahbarlaridan biri, shaxmat bo’yicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparovni noqonuniy namoyish o’tkazgani uchun besh kunga qamoqqa tashlashni buyurdi. Kasparov bugun jazo muhlatini tugatdi.

Markaziy Saylov Komissiyasi “Drugaya Rossiya” muxolifat koalitsiyasini saylovdan chetlatgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti ham Rossiyadagi saylovlarni kuzatmaydigan bo’ldi. Tashkilotga ko’ra, kuzatuvchilarga o’z vaqtida viza berilmagan. Prezident Putin nazarida esa tashkilotning bu qarorida AQSh Davlat departamentining qo’li bor.

Yevropa tashkiloti va Amerika rasmiylari bu ayblovlarni inkor etmoqda.

XS
SM
MD
LG