Musulmon adib dindoshlarini uyg'onishga chaqirmoqda


“Nur” so’zi, deydi pokistonlik sobiq diplomat va professor Akbar Ahmad, musulmon dunyosidagi deyarli har bir jamiyatda yorug’lik degan ma’noni beradi.

Bugungi kunda Amerikada siyosat va madaniyatlar-aro mojarolardan dars berayotgan bu olim o’zining ilk sahna asariga shunday deb nom bergan.

Islom dunyosining bugun nuri so’ngan deydi Akbar Ahmad.

Professor Amerika hukumatini islom terrorchi din emas, yovuzlikni aslo targ’ib qilmaydi, dinlar-aro nifoqlar zaminida siyosiy-ijtimoiy muammolar yotadi deya ishontirishga urinayotgan sharq ziyolilaridan.

Lekin, deydi uning “Nur” asarini tomosha qilgan jurnalistlar va san’atshunoslar, Akbar Ahmad musulmon jamiyatlari illatlarga to’la ekanini namoyon etadi. Adibning o’zi bu talqinni rad etmaydi.

“Musulmonlar uchun ular yuzlashayotgan muammolarni o’zlari ko’tarib chiqadigan davr kelgan. Qachongacha bu xalqlar din niqobi ostida yashirinadi? Bizni tanqid qilsalar, dinimiz oyoqosti qilinyapti, islomga dushmanlik qilishyapti deb o’zimizni oqlashga urinamiz. Vijdonli musulmonlar aslida ularning hayoti nega bunchalik murakkab ekanini biladi”,- deydi Akbar Ahmad.

Asarning bosh qahramoni – Nur. Iymonli va ziyoli oila farzandi. Uch akasi bor. Nurni muallifning 14 yoshli qizi Nafis ijro etadi.

“Nur oilaning kenja farzandi, erkasi. Kenja bola qiz bo’lsa, unga hamma xo’jayin. Dadam Nur obrazini yaratayotganda meni o’ylagan, agar mening erka farzandimga - asal qizimga tajovuz qilishsa, nima qilgan bo’lar edim deb o’ylangan. G’arbda mening dinim, oilaviy qadriyatlarim haqida ko’p bilishmaydi. Bu drama menga o’zligimni namoyish etishga imkon berayapti",- deydi Nafis Ahmad.

Nur oilaning ko’z nuri, qolaversa iymon va islom timsoli. Akalari esa musulmon dunyosidagi uch guruhni aks ettiradi. To’ng’ichi so’fi, iymon tinchlik beradi deb yashaydi. Ikkinchisi G’arbda ta’lim olgan va bugun vatanda yashashga qiynalayotgan mutaxassis. Hukumatga ishlaydi. Kenja o’g’il – shifokor, biroq hayotiy maqsadi islomga xizmat qilish. E’tiqod uchun jon berishga tayyor.

Xonadonning yagona qizi bozorda o’g’irlanadi. Keyinchalik uning qamoqda ekani ma’lum bo’ladi. Keksa va kasalmand ota va akalar ikki kun uni qanday qutqarish ustida bosh qotiradi.

Oiladagi keskin tortishuv - umumbashariy muammolarni ifoda etadi: dunyoqarashlar to’qnashuvi, G’arb, ayniqsa Amerikaga qarshi kayfiyat, ijtimoiy tengsizlik, iqtisodiy nochorlik va siyosiy bosimlar qatorida ayol nomusi va oila sha’ni hamda jinsiy tengsizlik, zamonaviylik va qadim urf-odatlar, ilm-fan va din, shuningdek siyosiy beqarorlik, zulm va qiynoqlar.

Musulmonlar orasida G’arbga, xususan Amerikaga munosabat qanday ekanini ko’rsatish p’yesaning asosiy maqsadi deydi muallif. Insoniyat qanchalik taraqqiy etmasin, G’arb va sharq hali ham bir-birini tushunmaydi deydi Akbar Ahmad.

“Asarim tomoshabinni o’ylantirsin, uni ma’nan qiynasin. Hayot o’g’ir va azob-uqubatga to’la. Yagona yo’l bir-birimiz bilan dardlashish", - deydi adib. "Muammolarni tan olish va ochiq muhokama qilish. Bizni oiladagi gap ko’chaga chiqmasin, kattani tanqid qilma, yaxshi narsalar haqida gapir deb tarbiyalashgan. Oqibatda hamma dardini yashiradi. Bugun ularning isitmasi oshkor bo’lgan. Endi yechim haqida o’ylash kerak”.

Nur ikki kunlik qamoqdan so’ng uyiga sog’-omon qaytadi. Ammo g’azabga to’la akalaridan biri, dindor shifokor, hukumatdan qonli o’ch olishga ahd qilib bo’lgan. Oila uni bu yo’ldan qaytarishga qanchalik urinmasin, singlisi tortgan ruhiy azob, uning nazarida barcha musulmonlar boshidagi ko’rguliklarda aybdor tomonlardan qasos olish darkor. Shu tariqa "islomga tushgan dog’ni yuvaman" deydi.

P’yesa uning suiqasd portlashi bilan tugaydi. Lekin Nurning Jaloliddin Rumiy qalamiga mansub, tinchlikka chorlovchi bir she'ri o'qiyotganini eshitasiz.

Asarni tomosha qilgan amerikalik jurnalist Toni Blankeli fikricha "Nur" dramasida diniy radikalizm g'olib chiqadi. "Asar nazarimda terrorizmga qarshi kurash naqadar muhim ekanini isbotlaydi",- deydi u.

Muallif Akbar Ahmad esa yakunni qanday talqin qilish tomoshabinga havola deydi.

Insonlar nega va qachon o’zini qadrsiz deb biladi? E’tiqod kim uchun qanday ahamiyatga ega? Xavfsizlik haqiqatda huquqlardan voz kechishni talab qiladimi? Nega hukumatlar hamisha qora ishlarini oqlash bilan ovora?

"Insonlar bu savollarga javob izlamas ekan",- deydi adib, "mojarolar ortaveradi. Umid nuri so’nib, fojialar alanga olaveradi".

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG