Uyg'urlar mustaqillik va xalqaro nufuz so'rashda davom etmoqda


Uyg’ur xalqi davlatchilik uchun kurashib kelayotgan yirik etnik guruhlardan biri. Jahon bo’ylab taxminan 20 million bor.

Ularning 10 millionga yaqini Xitoy g’arbida, Shinjon Uyg’ur Muxtoriyatida yashaydi. Uyg’urlar bu hududni Sharqiy Turkiston deb ataydi. Markaziy Osiyo davlatlari va G’arbda ham millionlab uyg’urlar istiqomat qiladi.

Xitoy hukumati uyg’ur ozodlik yetakchilarini va jangarilarini terrorizm va separatizmda ayblab keladi.

2001 yilning 11 sentyabr voqealari ketidan “terrorga qarshi urush” e’lon qilingach, rasmiy Pekinning uyg’urlarga nisbatan siyosati yanada keskinlashdi. Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati AQSh tomonidan ham terrorist tashkilot deb e’lon qilindi, ammo sal keyin bu maqom isbot yetishmaydi deya bekor qilindi.

Uyg’urlar masalasini 1980-yillardan beri o’rganib kelayotgan amerikalik olim Shon Roberts (Sean Roberts) bu xalq uchun asosiy masala davlatchilik deydi.

“Uyg’urlar manfaati xalqaro sahnada rasman himoya qilinmas ekan, bu millat sitamga uchrayveradi. Globalizatsiya, ochiq chegaralar, madaniyatlar uyg’unligi deymiz-u, lekin ko’rib turibmiz, har bir xalq o’z davlatiga ega bo’lishi muhim”.

Afg’onistonda qo’lga olinib, terrorizm va bo’lginchilikda ayblanib, taxminan 25 uyg’ur AQShning Guantanamo qamoqxonasiga jo’natilgan. Ko’pini mahalliy jangarilar pul evaziga AQSh harbiylariga tutib bergan.

Uyg’ur mahbuslar 2003 yilda oqlanganiga qaramay, hali ham Guantanamoda. Sabab ularga boshpana beradigan davlat topish qiyin. Albaniya o’tgan yili ular orasidan besh nafarini qabul qilgan. AQSh qolganlarini Xitoyga topshirishni ma’qul topmaydi.

“AQShning o’zi bu uyg’ur mahbuslarga siyosiy boshpana berishi kerak. Guantanamo bilan bog’liq bir muammo shuki, u yerda saqlanayotganlar taqdiri huquqiy jihatdan noma’lum. Avval AQShga ijobiy qarangan uyg’urlar Guantanamodan so’ng bu mamlakatni yoqtirmasligi aniq”,- deydi Roberts.

Uyg’urlar o’zini turkiy dunyoning bir qismi deb bilsa-da, asosan AQSh yordamiga tayanadi. Turkiy davlatlar Xitoy bilan hamkorligi sabab uyg’ur masalasini chetlab o’tadi. Vashingtonda joylashgan Uyg’ur-Amerika Uyushmasi bosh kotibi Olim Seytoff.

Uning aytishicha, uyg’urlar AQShda balki eng kichik jamoalardan biri, lekin siyosiy jihatdan juda faol. Bugun jahon miqyosida uyg’urlar o’rtasida birdamlik qanchalik kuchli deb so’raymiz undan.

Seytoff ham, Shon Roberts ham bir fikrda – uyg’urlarga etnik va madaniy jihatdan qardosh xalqlar, jumladan Markaziy Osiyo, Xitoy bilan yaqin aloqalarga ega ekani uchun ham bu xalqqa yordam bermayapti.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida imzolangan bitimlar a’zo davlatlardan terrorga qarshi kurashda hamkorlik qilishni, ma’lumot almashishni talab qiladi. O’tgan yili O’zbekiston uyg’ur faoli Husayn Jalilni Toshkentda ushlab, rasmiy Pekinga topshirgan. Jalil bir umrga qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Tahlilchi Roberts fikricha Xitoy endi o’zini uyg’ur millatiga qarshi emas, balki ularning mustaqil bo’lishiga qarshi hukumat sifatida namoyon etishga urinmoqda.

Uyg’urlar yomon yashayapti deydigan odamlar Shinjondagi iqtisodiy taraqqiyotga nima deydi? Rasmiy Pekin uyg’urlar ahvoli bilan bog’liq savollarga shunday javob berishga o’tgan.

XS
SM
MD
LG