Putin hokimiyatda qoladi, deydi AQSh matbuoti


Rossiyadagi saylov natijalariga oz odam shubha qilgan edi. Munozaralar asosan “Yedinaya Rossiya” (“Birlashgan Rossiya”) necha foiz ovoz to’plashi ustida kechdi. Saylovlar o’tib ko’pchilikning diqqati yana Putinning prezidentlik taqdiriga qaratilimoqda. Putinning hokimiyat tepasida qolishiga hech kim shubha qilmayapti, biroq hammani uning aynan qanday yo’l bilan qolishi qiziqtirmoqda.

“Yu-Es-Ey Tudey" (USA Today) gazetasiga ko’ra, Vladimir Putin boshchiligidagi “Yedinaya Rossiya” partiyasining saylovlarda g’alaba qozonishi uning hokimiyatda uzoqroq qolishini ta’minlashga yordam beradi. Mart oyida Putinning ikkinchi prezidentlik muddati tugaydi. Konstitutsiyaga ko’ra Putin qatorasiga uchinchi bor saylana olmaydi. Biroq Dumada ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kiritgan partiya sardori sifatida bosh vazir bo’lishi, undan so’ng esa yana prezidentlikka qaytib kelishi mumkin. Bu holda konstitutsiya buzilmagan bo’ladi. 1999 yili Boris Yeltsin uni o’z vorisi etib ko’rsatganda ham Putin prezidentlikka aynan bosh vazirlikdan kelgan edi. Yana o’sha ssenariy ishga solingan taqdirda, mart oyidagi saylovlarda prezidentlikni qo’lga kiritgan siyosatchi Yeltsin rolini o’ynab beradi. Yana bir ssenariyga ko’ra, deb yozadi USA Today, Putin “milliy lider” sifatida hokimiyat tepasida qolishi mumkin. Bu haqda bir necha siyosatchi og’iz ochgan, biroq “milliy lider”ning siyosiy vakolatlari haqida aniq ma’lumot yo’q.

Dumaga kirish uchun kamida 7 foiz ovoz to’play olmagan muxolif guruhlar saylov jarayonini tanqid ostiga olmoqda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va Yevropa Kengashidan kuzatuvchi sifatida borgan mutaxassislar fikricha saylovlar siyosiy raqobat keskin cheklangan muhitda o’tgan. YXHT Parlament Assambleyasi prezidenti Goran Lenmarker Putinning saylovlarda “Yedinaya Rossiya” partiyasidan qatnashganini tanqid qiladi.

"Davlatning siyosiy partiyalar bilan qorishishi hokimiyatni suiste’mol qilish va xalqaro normalarni buzish demakdir. Matbuot prezident va “Birlashgan Rossiya” partiyasiga yon bosgan," deydi Goran Lenmarker.

Yevropa Kengashining Parlament Assambleyasidan kuzatuvchilik qilgan guruh rahbari Lyuk van den Brandning aytishicha, saylovchilar istagan nomzodga ovoz berishga haqli bo’lga, biroq shunga qaramay Yevropa Kengashining qoidalaridan biri buzilgan.

"Prezident partiyalarning saylovlarda ishtirok etishiga, matbuotning ularni yoritishiga va partiyalarning moliyalanishiga betaraf bo’lishi kerak edi," deydi Yevropa Kengashi rasmiysi.

"Assoshieytid Press" (Associated Press) axborot agentligining xabar berishicha, Rossiyada prezidentlikka nomzodlar 23 dekabrgacha ro’yxatdan o’tishi kerak. Putin tomonidan ko’rsatilgan nomzodning imkoniyatlari yuqori bo’ladi, deyiladi agentlik xabarida. Rossiyadagi ayrim mutaxassislar “Yedinaya Rossiya” KPSS kabi davlatni boshqaruvchi yirik partiya bo’lishini bashorat qilmoqda. Yangi prezident ham aynan shu partiya safidan saylanib, partiya qoidalariga bo’ysunadi, deydi sotsiolog va siyosiy tahlilchi Olga Krishtanovskaya.

XS
SM
MD
LG