Breaking News

Nomzodlar muammolar emas, yutuqlar haqida gapirmoqda


O’zbekistonda prezidentlikka nomzodlar mamlakat bo’ylab saylovoldi uchrashuvlari o’tkazmoqda. Lekin mahalliy kuzatuvchilarning fikricha ular o’z chiqishlarida respublikadagi biror dolzarb muammoni ko’tarib chiqayotgani yoki unga yechim taklif qilayotgani yo’q.

Islom Karimov 3 dekabr kuni Qoraqolpog`istonda bo'lgan. Boshqa nomzodlar Asliddin Rustamov, Akmal Saidov va Dilorom Toshmuhamedova ham viloyatlarda saylovchilar bilan uchrashmoqda.

Ayrim faollarga bu tadbirlarga kirishga ruxsat berilmagan. Toshkentlik fuqarolardan biri saylov taqdiri avvaldan hal etilganligini aytadi.

“Shunchaki uchta-to`rtta nomzod qo`yilgan. Kim saylanishi esa ma`lum. Hatto mahalla raislari, domkomlar Karimov uchun agitatsiya qilishayapti. Tinchchmiz, yomon yashamayapmiz, shuni saylaylik deb. Lekin odamlarning qashshoqlashayotgani, bozorlar qimmatlashayotgani, yashash og’irlashayotgani hech kimni qiziqtirayotgani yo’q”, - deydi bu fuqaro.

Nomzodlar ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarida asosan shu kungacha erishilgan yutuqlarga urg’u bermoqda.

Jumladan “Adolat” partiyasi nomzodi Dilorom Toshmuhamedova respublika bosqichma-bosqich taraqqiy etmoqda, siyosiy partiyalar uchun yo’l berilayapti deb ta’kidlamoqda.

Mahalliy faollar esa saylovni xalqaro tashkilotlar kuzatishi shart deb chiqmoqda. Hozircha hatto Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham saylovni kuzatish- kuzatmasligi haqida biror qarorga kelmagan.

Yaqinda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati saylov jarayonini kuzatishga ruxsat so`rab Markaziy Saylov Komissiyasiga murojaat qilgan.

Jamiyat raisi Vasila Inyatova nazarida saylov albatta kuzatilishi kerak.

“Saylov kuzatilsa qandaydir natija bo`ladi. 2004 yilda saylovlar haqida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan chiqarilgan hisobotda saylovda yo`l qo`yilgan qator kamchiliklar, qonunbuzarliklar yoritib berilgan”, - deydi Inoyatova.

Muxolifatadagi “Erk” partiyasi faollaridan biri Bobomurod Razzoqov esa saylovda xalqaro tashkilot qatnashishi hech narsani hal etmaydi deydi.

“Respublikada o`tgan saylovlarni barchasida xalqaro tashkilotlar qatnashgan. Natijalari hukumatga bildirilgan. Lekin hukumat buni inobatga olgani yo’q. Rossiyaga ishonayapti. Karimov dunyo hamjamiyatini nazarga olmayotgani yaqqol ko`rinib turibdi”, - deydi Razzoqov.

“Aholi Karimov ko`rsatilibdimi, o`tadi; biz qarshimizmi, borib byulleten tashlaymizmi, yo`qmi, saylanadi. Saylovlar bizning ixtiyorimizda emas degan fikrda”.

XS
SM
MD
LG