Breaking News

BMT nazarida O'zbekiston rivojlanmoqda, 113-o'rinda


BMTning inson taraqqiyotiga oid yillik hisobotiga ko’ra, O’zbekiston rivojlanayotgan davlatlar safida. Biroq rasmiy iqtisodiy ko’rsatkichlar shubha ostida.

BMT Taraqqiyot dasturi hisobotida aytilishicha, Belarus va Rossiyadan tashqari, MDH tarkibidagi qolgan barcha davlatlar taraqqiy etmoqda.

Hisobotda 177 davlatdagi vaziyat tahlil qilinadi. Ulardan 69 tasi rivojlangan, 88 tasi rivojlanayotgan, qolganlari esa rivojlanish kuzatilmayotgan davlatlar.

Rivojlanayotgan davlatlar qatorida Qozog’iston 77, Turkmaniston 109, O`zbekiston 113, Tojikiston 122-o`rinni band etadi.

BMT inson taraqqiyoti ko`rsatkichlarini mamlakatdagi iqtisodiy ahvol, aholi iste`mol o`lchovi, ta`lim olish imkoniyati, salomatligi va ekologik vaziyat kabi mezonlarga ko`ra tahlil qiladi.

O`zbekiston Iqtisodiy Tadqiqotlat Markazi ilmiy xodimi, tadqiqotchi O`ktam Do`stmuhammedov inson taraqqiyoti indeksiga shunday izoh beradi:

“Deylik, oylik baland bo`lishi mumkin. Masalan, arab davlatlarida 2 ming dollar olish bilan Yevropada 2 ming dollar olish o`rtasida farq bor. Yevropada quvurlar, suv va kanalizatsiya bor. Topgan pulini kiyimga va ta`limga ishlatishi mumkin. Cho`l zonalarida yashaydigan odam 2 ming dollarning kamida ming dollarni suvga ishlatayotgan bo`lsa, buni qanday taqqosslab bo`ladi”? - deydi Do`stmuhammedov.

Uning so’zlariga ko`ra, Xitoyda rivojlanish kuzatilayotgani bilan ta’lim bo`yicha mamlakat orqada.

“O`zbekistonda ijtimoiy soha, tibbiyotga, ta’limga juda katta pul sarflanayapti. Shuning uchun O`zbekistondagi ko`rsatkichlar ko`pgina malakatlardagidan ancha yuqori”, - deydi Do`stmuhammedov.

Mustaqil kuzatuvchilar fikricha esa O`zbekistonda ko`rsatkichlar avvalgiga qaraganda yomonlashgan.

“15-20 yil avval O`zbekiston xalqi inson taraqqiyoti ko`rsatkichlariga ko`ra 60-70 o`rinlarni band etgan. Hozir O`zbekiston 113 o`rinda. Biroq nisbatan olib qarasak, mamlakatda ziyolilar ko`p, salomatlikka e`tibor qaratilmoqda. O`zbek xalqi madaniyati jihatidan hamon ilg’or davlatlardan”, - deydi jurnalist Toshpo`lat Yo`ldoshev.

Inson taraqqiyotini belgilaydigan muhim ko`rsatkichlar - tibbiy xizmat darajasi va ta`lim olish imkoniyatlari ancha pasaygan.

O`zbekistonda tabaqalanish ko`zga tashlanadi - puldorlar qatlami taraqqiyotning barcha omillaridan bahramand bo`layotgan bir paytda, ijtimoiy nochor qatlam tobora qashshoqlikka yuz tutmoqda.

“Hozirgi yoshlar faqat ota-onasining puliga o`qishi mumkin. Haqiqatan oqimoqchi bo’lgan, lekin puli bo`lmagan yoshlar ko`chalarda, bozorlarda yuribdi”, - deydi yoshlardan biri.

BMT hisobotida global iqlim o`zgarishi asoratlari tilga olinadi.

Iqlim o`zgarishi, jumladan, qurg’oqchilik kambag'allar sonini keskin ko`paytirishi mumkin, deyiladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG