Breaking News

Bush: AQSh Eronga hamon ishonmaydi


Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod AQSh razvedkasi xulosasini Eron xalqining “g’alabasi” deb ta’riflamoqda.

Bu xulosaga ko’ra, rasmiy Tehron maxfiy yadro dasturini 4 yil ilgari to’xtatgan. Ammo prezident Bushning aytishicha, Eronga bosim davom etadi.

AQSh razvedkasi berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, Eron atom quroli ustida ishlayotgani haqida dalil yo’q. Maxfiy dastur 2003 yilda to’xtagan. Lekin Eronga hali ham ishonch yo’q, Eron yadro quroli ishlab chiqarish niyatidagi xavfli mamlakat, deydi prezident Bush.

Ammo rasmiy Tehron buni hech qachon tan olmagan. Bush fikriga ko’ra, qo’lga kiritilgan yangi ma’lumotlar Eron yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi xalqaro bitimni chetlab o’tishga uringanini namoyish etmoqda.

Xalqaro hamjamiyat, Bush nazarida, ogoh turishi lozim, chunki Eron uranni boyitishga davom etmoqda. Rasmiy Tehron hamisha atom dasturimiz yadroviy energiya ishlab chiqarishni maqsad qiladi, deb kelgan. Qo’shma Shtatlar Eronni uranni boyitishdan to’xtatish uchun bosimni davom ettirmoqchi.

Masala yuzasidan izoh berar ekan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov biz Eron atom dasturini yuritayotgani haqida avvaldan hech qanday dalilga ega emasmiz degan.

Xalqaro Atom Boshqarmasi inspektorlari ham Erondan bevosita xavf kelmayotgani va muzokarani davom ettirishga yo’l ochilganini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG