Breaking News

Yevropa O'zbekistonga kuzatuvchilar missiyasini yo'llaydi


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) O’zbekistondagi prezident saylovlarini kuzatich uchun cheklangan missiya yuborishini ma’lum qildi. Tashkilotning saylovoldi muhitni o’rganuvchi guruhi O’zbekistondan qaytib o’z xulosalarini chop etdi.

1990 yilda qabul qilingan shartnomaga ko’ra, YXHTning barcha 56 a’zosi har bir saylovga tashkilot kuzatuvchilarini taklif qilishi kerak.

Saylovlarni kuzatish tashkilotning Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi zimmasida. Varshavada joylashgan idora so’zlovchisi Urdur Gunnarsdottirning aytishicha, O’zbekiston hukumati 26 sentyabr kuni saylovlarni kuzatish taklifini yuborgan. Biroq rasmiy Toshkent vizalarni kech bergani sababli saylovoldi muhitni o’rganuvchi guruh vakillari O’zbekistonga o’z vaqtida bora olmagan.

O’zbekistonda saylovoldi jarayon turg’un siyosiy muhitda o’tmoqda deydi tashkilot vakili.

O’zbekistonda bo’lib qaytgan guruh saylovlarni kuzatish uchun cheklangan missiya yuborishni tavsiya qilgan. Cheklangan missiyaning to’liq kuzatuvchilar guruhidan farqi shundaki, uning safida kuzatuvchilar soni ancha kamroq bo’ladi va saylov jarayoni sinchkovlik bilan kuzatilmaydi. 2004 yil parlament saylovlarida ham cheklangan missiya bo’lgan.

YXHT Rossiyada o’tgan parlament saylovlariga umuman kuzatuvchi yubormagan. Rossiya misolida ham vizani vaqtida olish muammo bo’lgan.

Tashkilot nazarida O'zbekistonda prezidentlikka nomzodlar soni oldingi saylovlarga qaraganda ko’paygan bo’lsa-da, saylovlarni haqiqiy raqobat ruhida o’tkazish uchun sharoit yo’q. Idoraning 2004 yilgi saylovlar bo’yicha qilgan tavsiyalari inobatga olinmagan.

Tashkilot vakillari O’zbekistonda siyosiy partiyalar vakillari, O’zbekiston televideniyesi rahbariyati, Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari va inson huquqlari faollari bilan uchrashgan.

YXHT Rossiyaga kuzatuvchi yubormasligini e’lon qilganda prezident Putin tashkilotni saylovlarni tan olmaslikka harakat qilayotganlikda ayblagan edi. To’liq kuzatuvchilar guruhini yubormaslik qarori O’zbekiston hukumati tomonidan ham shunday talqin qilinishi mumkinmi, degan savolga Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi so’zlovchisi Urdur Gunnarsdottir shunday javob beradi.

"Kuzatuvchilar sonining saylovlar qonuniyligiga hech qanday aloqasi yo’q. Saylovlarni tan olish yoki olmaslik tashkilot vazifasiga kirmaydi. Buni sud hal qiladi."

Cheklangan kuzatuvchilar missiyasi O’zbekistonga darhol jo’natiladi. Uning vazifasiga saylovlarni o’tkazishning huquqiy va ma’muriy tomonlarini o’rganish, hukumat va fuqaro jamiyati o’rtasida muloqot o’rnatish kiradi. Saylov kuni kuzatuv olib bormaydi.

XS
SM
MD
LG