O'zbekistonda saylov oldidan huquqiy vaziyat keskinlashgan


Shoir Yusuf Jumaning o'g'li, yaqinda hibsga olingan Mashrab Yusupovga qarshi jinoiy ish ochilgan.

Yusuf Jumaning aytishicha uning o'g'li 4 dekabr kuni Qorako`l shahrida qo’lga olingan.

Hozirda unga O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 104-moddasiga ko’ra, sovuq qurol bilan tan jarohati yetkazganlik aybi qo'yilmoqda.

“Bir ayolning uyiga ikki kishi kirib, qizini, ayolning o`zini zo`rlamoqchi bo`lgan. Ayol ularga pichoq bilan hamla qilgan. Shu jinoyatni Mashrabning bo`yniga qo`yishga harakat qilishayapti. Jinoyat Nargiza degan ayolning uyida bo`lgan. Ular bo`lsa jinoyat ko`chada bo`lgan, Mashrab pichoqlagan deb unga to`nkayapti. Ayol nomusimni himoya qilish uchun shunday qilishga majbur bo`ldim deb, bo`yniga olgan. Lekin bular (tergovchilar) yo’q, buni Mashrab qilgan, deb turib olgan”, - deydi Yusuf Juma.

Hukumat tanqidchisi sifatida tanilgan shoirning o'g'li Mashrab avval o'g'rilikda ayblanib, hibsga olingan. Sud qaroriga ko`ra, jarima bilan ozod qilingan.

Bu voqeadan sal o'tib Yusuf Jumaning rafiqasi Gulnora Oltiyeva ustidan aksilkonstitusiyaviy harakat aybi bilan jinoiy ish qo`zg'atilgan edi.

“Tazyiqlar birin-ketin bo'layapti. Mening ovozimni o'chirishga topshiriq berilgan. Xotinim quvg'inda yuribdi. O'g'limni yana qamoqqa olishdi. Bular hammasi mening oilamga bo'layotgan siyosiy ta'qib”, - deydi Yusuf Juma.

Kuzatuvchilar fikricha so'nggi hodisalar mamlakatda faollarga nisbatan tazyiqlarning yangi tolqini boshlanganidan darak.

Yaqinda "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatining Sirdaryo viloyati rahbari Karim Bozorboyev tovlamachilikda ayblanib, uch yarim yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

"Ezgulik" jamiyatining Sirdaryo viloyatidagi faoli Isroil Rizayevning so'zlariga qaraganda Bozorboyev davlat organlaridagi jinoyatlar fosh qilishga uringan.

“Prezident saylovlari arafasida erkin fikr bildira oladigan odamlarning og'zini yumish uchun qilinayotgan ishlar”, - deydi Rizayev.

O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi so`nggi bir oyda Andijondagi qamoqxonada uch mahbus qiynoqlardan jon berganini ma`lum qildi.

“Fitrat Salohiddinov, Tohir Nurmuhammedov. Uchinchi holat yuzasidan bilishimizcha, uni ham Andijondagi qamoqxonadan “grob”da olib kelishgan. Militsiya xodimlari uni ochmaslik talabini qo`yishgan va shu holatda dafn qilingan. Qiynoq bo`lgani aniq”, - deydi tashkilot rahbari Surat Ikromov.

Mahbuslarni qiynoqqa solgan xodimlar javobgarlikka tortilishi lozim deydi Ikromov.

XS
SM
MD
LG