Breaking News

AQSh siyosatini ikki partiya tebratadi


AQShda ikki yirik partiya – Respublikachilar va Demokratlardan tashqari boshqa partiyalardan nomzodlar prezidentlikka intilgan bo’lsa-da, Oq uyni hech qachon qo’lga kirita olmagan.

Ko’pchilik amerikaliklar nazarida mayda partiyalarning nomi saylov varaqasida qolib ketadi. Ammo, siyosatdonlar nazarida, bu siyosiy guruhlardan chiqqan nomzodlar saylov natijalariga ta’sir o’tkazmay qolmaydi.

1992 yilgi prezidentlik saylovida demokratlar partiyasidan nomzod Bill Klinton respublikachi prezident keksa Jorj Bushni, 6 million ko’p ovoz yig’ib mag’lub etgan edi.

Lekin uchinchi bir partiyadan nomzod Ross Perot ham o’shanda qariyb 20 million ovoz to’plagan. Siyosiy sharhlovchilar fikricha, Perotga berilgan ovozlar keksa Bush va Klinton o’rtasidagi bellashuv natijasiga ta’sir etgani aniq.

Qo’shma Shtatlarda ikki yirik partiya – demokratlar va respublikachilar partiyasi hukmron. Shuningdek, yashillar, libertarianlar va sotsialistlar partiyasi ham mavjud. Biroq shunga o’xshash uchinchi partiyalar hech qachon Oq uyga saylana olmagan. Sabab - prezidentni saylovchi tizim tuzilishida, deydi Jons Xopkins Universiteti xodimi Benyamin Ginsberg.

"Umummamlakat saylov tushunchasi yo’q bizda, chunki 50 shtatda bir kunning o’zida 50 ta saylov o’tadi. Aholi eng ko’p ovoz bergan nomzodga shtat Saylov Kengashi ham ovoz beradi".

Ralf Neyder Yashillar partiyasi a’zosi. 1996, 2000 va 2004 yillarda prezidentlikka nomzodini qo’ygan. "Gap Saylov Kengashida ham emas",- deydi u.

"Tizim ko’p-partiyaviylikni targ’ib qilmaydi. Shtatlarning ovoz berish ulushi har xil. Qayta saylov degan tushuncha yo’q",- deydi Neyder.

Uchinchi partiyalar nomzodlari hech qachon yutmasa-da, ularni ba’zilar “buzg’unchi” deb ayblaydi. 2000 yil saylovida Ralf Neyder ishtiroki aynan shunday baholangan.

O’shanda saylovning yakuniy natijasini Florida shtatida ovozlarni sanash hal qilgan edi. Respublikachi nomzod Jorj Bush demokrat raqibi Al Gordan atigi 537 ta ovoz ko’proq ovoz to’plagan edi.

Gap shundaki, Al Gor butun mamlakat miqyosida ko’proq ovoz yiqqan bo’lsa-da, Bush g’alabasini Saylov Kengashida berilgan ovozlar belgilagan. Ralf Neyder Floridada 97 ming ovoz to’plagan edi. Barchani qiziqtirgan savol: u ishtirok etmaganida, saylov natijasi o’zgargan bo’larmidi?

Siyosatdonlarning aytishicha, hokimiyat tepasiga demokrat va respublikachilardan tashqari boshqa partiyalarning kelishi qiyin. Amerika Universiteti professori Kendis Nelson:

"Ular ko’taradigan mavzular odamlarda qiziqish uyg’otgan taqdirda ham, boshqa kattaroq partiyalar ular nonini yarimta qilib qo’yishi hech gap emas. Nufuzga ega emas ular".

Amerikada istagan kimsa partiya tuzishi mumkin. Partiyalar soni yoki mafkurasi cheklanmagan. Biroq yangi harakatlar omma e’tiborini qozonmasa, uzoqqa bormaydi. Moliya to’play olmaydi. Xususiy sektor ikki yirik partiyadan foyda ko’rgani uchun ham aynan ularni quvvatlaydi.

XS
SM
MD
LG