Elektron ovoz berish vositalari adolat kafolatimi?


AQShda yangi prezident saylanishiga bir yil vaqt bo’lsa-da, tayyorgarlik avjida. Xususan, kompyuterlarda ovoz berish oddiy holga aylanmoqda.

Yangi texnologiyalar albatta ovozlarni aniq sanash va g’olibni tezda aniqlash imkonini beradi, lekin tizim haqiqatdan ham ishonchlimi?

2000 yilning noyabri, Florida. AQShda prezident saylovlari. Respublikachilar partiyasidan nomzod Jorj Bush va demokrat nomzod Al Gor orasidagi raqobat natijasi oxir-oqibat qog’ozda berilgan ovozlar qayta sanalgach hal bo’ladi.

To’rt yil o’tgach, 2004 yil saylovida esa ko’p shtatlar saylov varaqasidan voz kechib, kompyuterlashtirilgan ovoz berish tizimiga o’tishga qaror qildi. Ammo yangi texnologiyalarning o’z kamchiligi bor.

Demokratik tarzda saylangan hukumatga ishonch - ovozlar aniq sanalishi, xalqning saylov tizimiga ishonchidan boshlanadi. Texnologiya yangilanar ekan, u bilan birga ovozlarni yangicha va aniq sanash usullari ham kirib kelyapti.

Hozirda Qo’shma Shtatlarning turli burchaklarida saylov rasmiylari elektron saylov mashinalaridan qanday foydalanish bo’yicha treyninglardan o’tkazilmoqda. Instruktorlardan biri jarayon nimadan iborat ekanini tushuntiradi.

"Bu mashinalar tayyorlanayotganda 24 soat davomida kuzatiladi. Ham demokratlar, ham respublikachilar jarayonni kuzatadi. Saylov kuni, ovozlarni yozib olgach, mashinani yana qulflab, olib ketamiz",- deydi mutaxassis.

Bir ko’rinishdan, barmoq uchi tekkizilib ishlatiladigan bu jihozlarni katta yutuq deb atash mumkin. Lekin xulosa qilishga shoshmang, deydi fuqaro manfaatini o’rganuvchi tashkilot xodimi Gari Kalman.

"Gap shundaki, mashina bilan ovoz berganda natijani qayta tekshirish qiyin. Iloji yo’q desa ham bo’ladi. Deylik, ovozlarni qayta sanashga to’g’ri kelsa, ishkal deyavering. Chunki mashina faqat yozib olganini ko’rsatadi. Natija to’g’rimi-yo’qmi – uni tekshiradigan muqobil tizim yo’q",- deydi Kalman.

Shunga o’xshash xavotir va shikoyatlar sabab, ba’zi kuzatuvchilar saylov varaqalarini ham qisman ishlatishga chaqirmoqda.

Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti xodimi Benyamin Ginsberg:

"Kompyuter bormi, demak uning ichiga ham kirib bo’ladi. Shu bois, saylov varaqalari ham kerak. Shuncha sinovlar, izlanishlar o’tkazildi. Xulosa aniq: yangi texnikani odatiy varaqalar bilan birga ishlatish zarur".

Professor Ginsbergning aytishicha, har bir saylovchi kimga ovoz bergani to’g’risida chekka o’xshash kichik bir ma’lumotnoma qoldirishi kerak.

"Zarur bo’lganda, ana shu qog’ozlar sanaladi. Afsuski, yangi mashinalarning aksariyati ovoz bergandan so’ng chek chiqarib bermaydi. Buni yo’lga qo’yish uchun shtat va okruglar yana millionlab dollar sarflashi kerak bo’ladi",- deydi Ginsberg.

Gap xalqning saylov tizimiga ishonchi haqida ketmoqda, deydi tahlilchilar, shu bois mukammallik eng muhimi.

XS
SM
MD
LG