Breaking News

Avtoritar davlatlar internetni cheklamoqda


Internet – avtoritar davlatlarda ma’lumot olish va tarqatishning kuchli vositasiga aylangan. Masalan, yaqinda Birmada harbiy hukumatga qarshi namoyishlar o’tganda, birinchi navbatda internet nazorat ostiga olingan.

Yahoo va Google – Xitoyda keng quloch yozayotgan internet kompaniyalar. Ammo foydalanuvchilar haqida Xitoy hukumatiga axborot ulashish sharti bilan.

USA Inson Huquqlari degan tashkilot rahbari Morton Sklarning aytishicha, ko’pgina kompaniyalar mijozlari oldida o’zini javobgar his qilsa-da, biznes manfaatlariga kelganda majburiyat orqada qoladi.

USA Inson huquqlari tashkiloti Xitoyda qamoqqa tashlangan internet foydalanuvchilar nomidan Yahoo kompaniyasini sudga bergan. Yahoo, AQSh Kongressi bosimi va tergov qistovi ostida, jabrlangan oilalarga pul berib, ishni yopishga rozilik bergan.

Gap shundaki, deydi Yahoo advokatlari, rasmiy Pekin kompaniyadan ma’lumot talab qilganda, bermasdan iloj yo’q. Ammo huquq faollari nazarida xorijda ishlayotgan Amerika kompaniyalari inson huquqlarini ham hisobga olishi kerak.

Parijda asoslangan Chegara Bilmas Muxbirlar tashkiloti xodimi Klotilda Le Kozning aytishicha, AQSh Kongressida repressiv hukumatlar bilan hamkorlikni jazolovchi qonun loyihasi muhokamada. Loyiha asosan internetda so’z erkinligini ta’minlashga qaratilgan.

Jahon bo’ylab kamida 40 davlatda, jumladan Xitoy, Eron, Misr, Liviya, Suriya, Vyetnam, O’zbekiston va Turkmanistonda internet senzura qilinadi va siyosiy veb sahifalariga kirish cheklangan. Xitoy ular orasida yetakchi.

Rasmiy Pekin avvaliga faqat siyosiy dissidentlarni kuzatgan bo’lsa, hozirga kelib internetdan foydalanuvchi 130 million aholisini to’liq nazorat qiladi. Internetda hukumatni tanqid qilib qamoqqa tashlanganlar soni bo’yicha ham Xitoy oldinda – deyarli 65 kishi hibsga olingan.

Huquq va so’z erkinligi toptalishi bilan tanilgan davlatlar, jumladan Zimbabve ham senzurani kuchaytirish uchun Xitoydan texnologiya sotib oladi.

Birmada Yahoo va Hotmail kabi elektron pochta tizimlari man etilgan.

Turkmanistonda uydan internetga ulanish mumkin emas.

O’zbekistonda ba’zi internet kafelarda siyosiy saytlarga kirmaslik haqida ogohlantiriladi.

Erkinlikni targ’ib qiluvchi Tarva tashkiloti rahbari Abdulhamid Ammarning aytishicha, repressiv hukumatlar texnologiya yordamisiz ham internetdagi tanqidchilarini nishonga oladi. Masalan, Suriya va Misrda, deydi u, hukumat ularni ko’pincha jurnalistlar, do’st va tanishlari yoki internet kafelardan olingan ma’lumotdan topadi.

Bunday jamiyatlarda internet – axborot olish va tarqatish tarqatishning qudratli quroli, lekin shu birga hukumat siyosatidan norozi kishilarni topib jazolashda ham qo’l kelmoqda.

XS
SM
MD
LG