Medvedevning prezidentlikka nomzodi sharh ostida


Rossiyada Vladimir Putin Dmitriy Medvedevni prezidentlikka, Dmitriy Medvedev esa Vladimir Putinni bosh vazirlikka tavsiya qilishi AQSh matbuotida ko’p sharhlanmoqda. Biroq umumiy xulosa shuki, Putinning atrofidagilariga nisbatan Medvedev G’arbga ancha to’g’ri keladigan nomzod.

“Vashington Tayms” gazetasi Nikson nomidagi siyosiy-tahlil markazi ijrochi direktori Pol Sandersdan iqtibos keltirar ekan, Dmitriy Medvedevning iqtisodiyot bobida mutaxassis ekani hamda xavfsizlik kuchlari va harbiy doiralaridan chiqmagani Rossiyaning G’arb bilan aloqalari uchun ijobiy hol deb yozadi.

Biroq aynan shu hol, deydi AQShga qarashli Yevrosiyo Jamg’armasining Moskvadagi bo’limi xodimi Andrey Kortunov, uni zaiflashtirishi mumkin.

"Xavfsizlik kuchlaridan tashqari, hukumatda G’arbga qarshi, konservativ guruhlar ham bor. Ular bilan til topishish maqsadida o’zini kuchliroq qilib ko’rsatishi, buning uchun esa ba’zi hollarda shaxsiy tamoyillariga qarshi ish tutishi kerak bo’ladi," deydi Kortunov.

Vashingtonlik yana bir siyosatshunos Ariel Koen nazarida esa Medvedev hokimiyat tepasiga kelishi bilan xavfsizlik kuchlarining hokimiyat boshqaruvidagi roli so’nmaydi, chunki Putin prezidentlikdan ketsa ham, jilovni qo’ldan chiqarmaydi. “Putin yordamisiz Medvedev zaif bo’ladi,” deydi Koen “Vashington Tayms” gazetasiga.

Eslatib o’tamiz, Medvedev 42 yoshda. Putin kabi Sankt-Peterburgdan chiqqan. So’nggi 17 yil davomida yonma-yon ishlashgan. Yuridik fanlari nomzodi.

Sankt-Peterburgdagi Ijtimoiy jarayonlarni o’rganish markazi tahlilchisi Leonid Keselmanning “Nyu-York Tayms” gazetasiga aytishicha, Medvedev hech qachon umumiy ommadan ajramagan, kamsuqum, soyada bo’lgan. Hali ham shunday, deydi Keselman.

“Medvedev Putin bilan doimo yaqin aloqada bo’lgan. Biroq hech kim uni bunchalik yuqoriga ko’tarilishini tasavvur qilmagan,” deydi gazetaga sankt-peterburglik biznes-konsultant Nikolay Kovarskiy. “Medvedev aqlli, yosh siyosatchilarning yangi avlodidan,” deydi u.

Moskvadagi Elitalarni o’rganish markazi direktori Olga Krishtanovskayaning aytishicha, Medvedev prezidentlikka da’vogarlarning barchasidan eng zaifi.

“U liberal qarashlarga ega emas. Uning “liberal siyosatchi” qiyofasini Kremldagilar yaratgan. G’arb uchun. Medvedevning shaxsiy fikri yo’q. Buyruqqa qarab ish tutadi,” deydi Krishtanovskaya.

“Vashington Post” gazetasi bilan suhbatda esa Krishtanovskaya shunday deydi: “Kreml Medvedevga katta qopi bilan mamlakatni kezib, sovg’a tarqatadigan Qor Bobo qiyofasini yaratgan.”

Dmitriy Medvedev ayni damda bosh vazirning birinchi o’rinbosari. Ijtimoiy dasturlar, sog’liqni saqlash, maorif va qishloq xo’jaligi sohalariga mas’ul. Medvedevni ko’p hollarda Rossiya televideniyesi orqali kimgadir yordam puli yoki bittadan ko’p farzand ko’rgan oilalarga mukofot berayotganini ko’rish mumkin, deb yozadi “Vashington Post”.

Agar Putin prezidentlikka qaytgisi kelsa, Medvedev joyini unga shubhasiz bo’shatib beradi, deydi muxolif siyosatchi Vladimir Rijkov Exo Moskvi radiostansiyaga bergan intervyusida.

XS
SM
MD
LG