AQSh Xitoyni sifatli mol chiqarishga chaqirmoqda


Pekinda AQSh va Xitoy savdo rasmiylari ikki kunlik muzokara o’tkazmoqda. Unda qator savdo masalalari bo’yicha kelishuvlarga erishilgan. AQSh Xitoy valyutasi kursining hukumat tomonidan nazorat qilinayotganidan xavotirda.

Muzokaralar kecha boshlangan. Xitoy bosh vazir o’rinbosari Vu Yining aytishicha, AQSh qonun chiqaruvchilari Amerika matbuotida Xitoyni salbiy ruhda tasvirlagan ayrim xabarlar asosida fikr yuritmoqda.

AQSh Kongressida AQSh-Xitoy savdo va iqtisodiy aloqalariga doir ko’plab qonun loyihalari tayyorlanmoqda. Iqtisodiy aloqalarga siyosiy rang berilmoqda, deydi Xitoy rasmiysi.

Xitoyda yasalgan qo’g’irchoqlarning AQSh do’konlaridan millionlab miqdorda chaqirib olinishi, ikki tomonlama savdo aylanmasidagi beqarorlik Kongressda 50 dan ziyod qonun loyihalarining tayyorlanishiga sabab bo’lgan.

AQSh Sog’liqni saqlash vaziri Mayk Livitning aytishicha, mahsulot xavfsizligiga kelganda murosaga o’rin yo’q.

"Agar Xitoy Amerika mijozlari hamyoniga yo’l topmoqchi bo’lsa, AQSh standartlariga mos keladigan mahsulot chiqarishi kerak," deydi u.

Muzokaralarda AQSh delegatsiyasini Moliya vaziri Genri Polson boshqarmoqda. Unga ko’ra, Xitoy moliyaviy siyosatini qayta ko’rib chiqishi kerak.

"Xitoy rahbarlari inflyatsiya sur’atining yuqoriligi va boshqa iqtisodiy muammolar yuzasidan xavotir bildirgan. Bunday sharoitda pul almashinuv kursini nazorat qilmay, bozorga qo’yib bergan afzal," deydi Polson.

AQSh e’tiroziga ko’ra, Xitoy pul birligi – yuanning qiymati sun’iy ravishda tushirilgan. Bu esa Xitoy mollari qiymatini ko’tarmoqda. AQShning Xitoy bilan bu yilgi savdo kamomadi o’tgan yilgi ko’rsatkich – 230 milliard dollardan ham oshishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG