Breaking News

Islom Karimov va Markaziy Saylov Komissiyasi sudga berilgan


O’zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi bayonotiga ko`ra, saylovoldi jarayoni xalqaro kuzatuvchilar uchun ochiq.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham, mamlakatdagi huquq himoyachilari ham saylov kampaniyasida raqobat, siyosiy xilma-xillik yetishmaydi deya tanqid qilmoqda.

Faollar saylovlarning qanchalik qonuniyligini ham savol ostiga qo’ymoqda. Kecha Toshkentda O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi shu mavzuda matbuot anjumani o`tkazgan.

Anjumanda ta’kidlanishicha, O`zbekiston Konstitusiyaviy sudi va Oliy sudi alyans da’volarini inobatga olmayapti.

O`zbekiston rahbari Islom Karimov uchinchi muddatga prezidentlikka ko`rsatilgan. Huquq himoyachilari nazarida bu bilan O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi normalari buzilmoqda.

Uni ro’yxatga olgan Markaziy Saylov Komissiyasi esa xizmat vazifasini suiste’mol qilmoqda deydi ular.

Huquq himoyachilari bu borada jinoiy ish ochilishini talab qilgan.

Huquq himoyachilari alayansi a`zosi Akbar Aliyev:

“Agar birortasi insoniylik nuqtai nazaridan borgan vakillarni qabul qilsa, masalani ko`rib chiqaman desa, qisqa muddatda ishdan ketadi. Bu Islom Karimov 16 yildan buyon yuritayotgan siyosiyat natijasidir. Tuzum xizmatkorlari - sud, prokuratura yoki boshqasi bo`ladimi - o`z vazifasini bajara olmaydi, chunki siyosiy vaziyat shunday”, - deydi u.

O`zbekiston prezidentligiga nomzodlar viloyatlarda saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazishda davom etmoqda.

Viloyatdagi faollar fikriga ko`ra, bu uchrashuvlar shunchaki nomiga o`tkazilmoqda.

“O`zbekistonda iqtisodiy ahvol, odamlarning turtmush darajasi tushib ketgan. Ijtimoiy vaziyat jar yoqasiga kelib qolgan, uni isloh qilish bo’yicha ishlar olib borilmayapti. Qaniydi, nomzodlardan biri kelib, musobaqa, savol-javoblar bo`lar ekan desa, bajonidil borar edik. Nomzodlardan biri Akmal Saidov kelib, Gulistonda uchrashuv o`tkazganini eshitdik. Faqat uch-to`rt kundan keyin. Biz viloyatda nimalar bo`layotganidan xabardor bo`lib turamiz, lekin buni keyin odamlardan eshitib qoldik”, - deydi sirdaryolik faollardan biri Isroil Rizayev.

Farg`onalik huquq himoyachisi Abdusalom Ergashev nomzodlarning Farg`onada o`tgan uchrashuvlari haqida shunday mulohaza bildiradi:

“Asosiy nomzod - Islom Karimovning uchrashuviga faqat maxsus ro`yxatdagi, qattiq tekshiruvdan o`tgan odamlar kiradi. Ularni saylovchilar deyish ham qiyin. Boshqa nomzodlar xalq orasida unchalik tanish emas. Ular shunchaki nomiga nomzod sifatida qo`yilganini hamma biladi, shuning uchun qiziqish ham yo’q”, - deydi u.

Kuzatuvchilar ta’biricha O`zbekiston xalqining saylovga nisbatan munosabatini ko`proq loqaydlik va befarqlik deya ta’riflash mumkin.

XS
SM
MD
LG