Qirg'izistonda shaxsga asoslangan siyosiy harakatlar ildiz otmoqda


16 dekabr – Qirg’izistonda parlament saylovlari. Unda ishtirok etish uchun 50 partiya ariza topshirgan, biroq 12 tasi ro’yxatga olingan.

Saylovoldi muhitni kuzatayotgan tahlilchilar nazarida partiyalar, ularning dasturlari va a’zolari haqida ma’lumot yetishmaydi.

Qurmanbek Bakiyevning “Ak-Jol” partiyasi g’alaba qilib, yakkahokimlik kuchayadi, lekin ketma-ket namoyishlardan to’ygan aholiga eng muhimi barqarorlik, deydi tahlilchilar.

Oktyabr oyida o’tgan referendum natijasida Qirg’izistonda ilk bor parlamentga partiyaviy tizim asosida ovoz beriladi. Asosiy da’vogarlar – “Ak-Jol”, Sotsial-demokratlar, “Ata-Meken”, “Ar-Namys” va yana 8 partiya. Jumladan Kommunistik partiya.

Ammo partiyaviy dasturlar orasida katta farq yo’q, deydi Qirg’iziston siyosati bilan tanish amerikalik olim Erik Makglinchi.

“Qirg’izistonda, xususan mamlakat janubida partiyalar katta nufuzga ega emas, chunki ularda moliya yo’q. Tashqaridan moliyalanish esa man etilgan. Ikkinchidan, partiyalar dastur va takliflari bilan emas, ularni boshqarayotgan shaxslar orqali o’zini tanitmoqda,” - deydi Qirg’izistonda tadqiqotlar olib borgan Makglinchi.

Saylov shoshilinch e’lon qilingani bois partiyalar jiddiy dastur ishlab chiqishga ulgurmagan, xususan mamlakatdagi iqtisodiy muammolarga yechim topishga kelganda.

Saylov Tizimlari bo’yicha Xalqaro Jamg’arma AQShda asoslangan tashkilotning yaqinda Qirg’izistondan qaytgan xodimi Entoni Boyerning aytishicha, xalq barqarorlik, inson huquqlarining e’zozlanishini, iqtisodiyot ko’tarilishi va islohotlar davom etishini istaydi.

Hozirda Qirg’izistonning tashqi qarzi deyarli 2 milliard dollar, ya’ni mamlakat yalpi milliy mahsulotining 80 foiziga teng. Ishsizlik darajasi bu yili taxminan 20 foizni tashkil etgan. Aholining beshdan bir qismi ish izlab xorijga ketgan.

“Siyosiy mojarolar sabab islohotlar sekinlashgani aholi noroziligiga sabab bo’lmoqda. Siyosatdan, namoyishlardan to’ygan odamlar barqarorlik uchun ovoz beradi. Muxolif guruhlar va no-hukumat tashkilotlar prezident Kurmanbek Bakiyevga uni hokimiyatga keltirgan va’dalarni eslatmoqda,” - deydi saylovlar bo’yicha mutaxassis Entoni Boyer.

Yakshanba kungi saylovga 500 ga yaqin xalqaro kuzatuvchilar taklif qilingan – ularning yarmi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan. Lekin saylov erkin va adolatli o’tishiga ishonch u qadar yuqori emas.

Qirg’izistonda siyosatni, deydi tahlilchilar, shimol-janub orasidagi kurash, klanlar orasidagi raqobat belgilaydi. Saylov to’g’risidagi yangi qonun esa muxolif guruhlarni, ayniqda maya harakatlarni parlamentdan chetlashtirishi mumkin.

Parlamentga prezidentning “Ak-Jol” partiyasi saylanishi ehtimoli kuchli, chunki u eng tanilgan va cho’ntagi baquvvat siyosiy harakat. Afsuslanarli hol shuki, deydi kuzatuvchilar, Qirg’izistonda mayda partiyalarning moliyaviy imkoniyati cheklangan. Muxolif guruhlarning prezident Bakiyev tug’ilib-o’sgan janubda yetarli ovoz to’play olishi savol ostida.

Parlamentga saylanish uchun partiyalar umummamlakat miqyosida kamida 5 foiz, shuningdek Qirg’izistonning 7 viloyatidan har birida va ikki shahri – Bishkek va O’shda kamida 0,5 foiz ovoz olishi lozim.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga ko’ra bugun Markaziy Osiyoda eng erkin jamiyat bu Qirg’iziston. Hukumat ham mintaqadagi eng mas’uliyatlisi deya qayd etadi tashkilot rasmiylari.

Lekin saylov kampaniyasi izchil yoritilmayapti. Kuzatuvchilar tahlilicha odamlar partiyalar haqida ko’p bilmaydi. Bu esa 16 dekabrdagi saylov natijalariga chuqur ta’sir ko’rsatadi.

XS
SM
MD
LG