Qozog'iston 2010 yilda Yevropa tashkilotiga raislik qilish taraddudida


Qozog’iston mustaqillikning 16 yilligini nishonlamoqda. Mamlakatda bugungi ahvol tahlil ostida.

Ko’pchilik nazarida eng katta yutuq bu respublika iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgani. Shuningdek, Qozog’istonning xalqaro maydonda o'z o'rniga ega bo’lgani.

Mamlakat 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga (YXHT) raislik qiladi.

Shu kunlarda Qozog’istonga tashrif buyurgan Turkiya prezidenti Abdulla Gul mamlakat yutuqlarini e’tirof etib etib, YXHTga raislikni olqishlagan.

Qozog’iston bu tashkilotni boshqarishga bir necha yildan buyon da’vogarlik qilib kelardi. YXHTga a’zo davlatlar bu rejaga turlicha munosabat bildiradi. Tashkilot hozirgacha Qozog’istonda o’tgan saylovlarni biror marta erkin va adolatli deb baholamagan.

AQSh va Yevropa davlatlari tomonidan bildirilgan e’tirozlar Qozog’iston tashkilot raisi sifatida inson huquqlari va demokratiyani qanchalik himoya qiladi degan savollarga asoslanadi.

Shunga qaramay, noyabr oyida YXHTning Madridda o’tgan yig’ilishida raislikni 2010 yilda Qozog’istonga topshirish haqida qarorga kelingan.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikricha bu qaror asosan energetik zahiralar bilan bog’liq.

“Shuning uchun ham Rossiya, Yevropa davlatlari va AQSh ham Qozog’istonning YXHTga raisligini qo’llab-quvvatlashdi, garchi inson huquqlari buzilayotgani kuzatilsa ham”, - deydi Soyibnazarov.

Unga ko’ra Qozog’iston raisligi asosan energetik xavfsizlik masalasiga qaratiladi chunki demokratiya va inson huquqlari bobida Qozog’istonning o’zida chekinish kuzatilayapti.

Sharhlovchi Toshpo’lat Yo’ldoshevning aytishicha, Qozog’iston 2010 yilga qadar huquq va demokratiyani ta’minlashga doir qator majburiyatlarni zimmasiga olgan.

“Bu shartlar demokratik vaziyatni yaxshilash, inson huquqlarini himoya qilish, muxolifatga nisbatan ta’qiblarni to’xtatish va ishlashiga imkoniyat yaratib berishdir ”, - deydi ekspert.

Qozog’istonning YXHTga raisligi Rossiya va O’zbekiston bilan munosabatlarda qanchalik aks etadi, bu mamlakatlardagi vaziyatga ta’sir o’tkaza oladimi?

“Avtoritar davlatlarga, xususan O’zbekistonga ta’sirini ko’rsatadi. Ichki, tashqi siyosat yuzasidan Yevropa Ittifoqi bilan integratsion jarayonlarni rivojlantirishda, yakkalangan davlat orqada qolib ketaveradi. Qozog’iston rahbarligi bu davalatni Yevropa Ittifoqiga yaqinlashtirish bilan birga mintaqadagi boshqa davalatlarni ham shunga undaydi. Rossiya esa Qozog’iston orqali sovuqlashayotgan munosabatlarini iliqlashtirishi, manfaatdor takliflarini o`tkazishi mumkin”, - degan firklarni bildiradi Toshpo’lat Yo’ldoshev.

Qozog’iston rasmiylarining chiqishlarida, YXHTga raislik mobaynida demokratik tamoyillar va huquqiy vaziyatga ahamiyat qaratilishi ta’kidlanadi.

Qozoq muxolifatining bu borada tutgan pozitsiyasi ham turlicha. Ayrimlar mamlakatda aniq o’zgarishlar bo’lishini kutayotganini aytadi.

Tanqidiy qarashdagi muxolifatchilar esa o’z maqsadiga erishgan Qozog’iston hukumati demokratik o’zgarishlar uchun hech narsa qilmaydi degan fikrda.

XS
SM
MD
LG