Breaking News

Qirg'izistonda bir partiyalik parlament vujudga kelishi mumkin


16 dekabr kuni Qirg’izistonda parlament saylovlari bo’lib o’tdi. Parlamentga hozircha faqatgina bir partiya – prezident Qurmanbek Bakiyevning “Ak Jol” partiyasi yo’llanma olgan. Xalqaro kuzatuvchilar saylov jarayonini tanqid qilmoqda.

Qirg’iziston Markaziy Saylov Komissiyasi ma’lumotiga ko’ra, “Ak Jol” xalq partiyasi deyarli 49 foiz ovoz olgan. Undan so’ng 9 foizga yaqin ovoz bilan “Ota-Makon” sotsialistik partiyasi va deyarli 4.5 foiz ovoz bilan Sotsial-demokratlar partiyasi turibdi. Hozircha byulletenlarning 95 foizi hisoblab bo’lingan.

Parlamentga kirish uchun partiya saylovlarda mamlakat bo’ylab kamida 5 foiz, har bir regionda esa kamida 0.5 foiz ovoz to’plashi kerak. Ikkinchi o’rinda ketayotgan “Ota-Makon” mamlakat bo’ylab deyarli 9 foiz ovoz olgan bo’lsa ham, O’sh viloyati, O’sh shahri va Botken viloyatida yarim foizlik marradan o’ta olmagan.

Bishkekdagi “Perspektiva” siyosiy-tahlil konsorsiumi rahbari Valentin Bogatirevning aytishicha, bu safargi saylovlar oddiy bo’lmagan.

"Bu yilgi saylovlarda deputatlikka nomzodlar uchun emas, balki partiyalarga ovoz berilgan. Albatta saylovlar qonunbuzarliklarsiz o’tdi, deb bo’lmaydi, biroq muhimi – ular o’tdi," deydi siyosiy tahlilchi Bogatirev.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining kuzatuvchilari saylovlarni ochiq va erkin deya baholagan. Biroq Yevropa kuzatuvchilari o’zgacha fikrda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Parlament Assambleyasi matbuot kotibi Andreas Beykerning Bishkekdan “Amerika Ovozi”ga aytishicha, saylovlar tashkilotning qator talablariga javob bermagan.

Yetakchi nomzodlar qaytadan ro’yxatdan o’tkazilgan, saylov uchastkalarida vakolati yo’q shaxslar bo’lgani qayd etilgan, televideniye va radioda efir vaqti barcha nomzodlar uchun teng taqsimlanmagan va saylov qoidalari haqida yetarlicha ma’lumot bo’lmagan, deyiladi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti chiqargan bayonotda. Yarim foizlik marra qoidasi ham tashkilot tomonidan tanqidga olinmoqda.

O’shlik jurnalist Hulkar Isomova saylovlarda bashorat qilinganidek shov-shuv kuzatilmaganini ta’kidlaydi.

"Saylovga kam odam chiqdi va ular tinch o’tdi. Oldingi saylovlarda bo’lganidek, partiya vakillari saylovchilarni o’z nomzodiga ovoz berishga chaqirib, bosim o’tkazmadi."

"Mening o’zim," deydi Isomova, "Tursunboy Bakir O’g’li boshchiligidagi “Erkin Qirg’iziston” partiyasiga ovoz berdim. Chunki men uni sof, halol inson sifatida bilaman. Islomiy qoidalarga asoslanib yashaydi. Ollohdan qo’rqqan odam yomon bo’lmaydi."

“Erkin Qirg’iziston” partiyasi, so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, bir foizga yaqin ovoz to’plagan xolos.

Parlamentga atigi bir partiyaning kirishi mamlakatda yangidan namoyishlarga sabab bo’lishi mumkin. “Ota-Makon” partiyasi bunday namoyish o’tkazishini birinchilardan ma’lum qilgan.

Ayni damda “Ota-Makon” Qirg’iziston Oliy Sudining saylov haqidagi qonunga o’zgartirishlar kiritish bo’yicha qarorini kutmoqda. Agar qonunning yarim foiz to’plash haqidagi qoidasi o’zgartirilsa, “Ota-Makon” ham 90 o’rinlik parlamentga kirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG