Breaking News

Yusuf Juma Toshkent viloyatida hibsga olingan


17 dekabr kuni shoir Yusuf Juma Toshkent viloyatida xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olingan. Shoir bilan birga uning o`g`li Bobur ham bo`lgan.

Buxoroda shoir Yusuf Jumaning uyi militsiya tomonidan qurshovga olingandan keyin uning taqdiri noma`lum qolayotgan edi.

Ma`lumotlarga ko`ra shoir shu paytgacha Buxoroda yashirinib yurgan.

17 dekabr kuni u Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumaniga huquq himoyachisi Akromxo`ja Muhiddinovning uyiga kelgan.

Ayrim manbalarga ko`ra shoir Toshkentga xalqaro tashkilotlardan himoya istab kelayotgan bo`lgan.

Yusuf Jumaning o`g`li Alisherning aytishicha xavfsizlik xodimlari uning otasini bir soat ichida qo'lga olgan.

“Non yeb o`tirgan ekanlar. Qo`llariga kishan urib, boshlariga adyol o`rab olib ketishgan. Hozir Toshturmadami yoki boshqa joyda-mi noma`lum. U yerdagi mashinalar hammasi Toshkent shahriga tegishli bo`lgan”- deydi Alisher.

Yusuf Juma hibsga olinishidan sal avval xalqaro hamajamiyatga ochiq xat e`lon qilgan. Unda o`zi va oilasini himoya qilishni so`ragan edi. Bu xatda Yusuf Jumaning oilasidan olti kishiga nisbatan jinoiy ish ochilgani qayd etiladi.

Alisherning so'zlariga qaraganda uning oila a`zolari jinoyat kodeksining 159-moddasini buzganlikda, ya'ni aksilkonstitutsiyaviy harakatda ayblanmoqda.

“Ular terrorchilar makonini topdik, o`zlari qochib ketgan deb ma`lumot tarqatishayapti”, - deydi Alisher.

Yusuf Juma muxolifatdagi faoliyati uchun avval ham qamalib chiqqan. Uning rafiqasi Gulnora Oltiyevaga nisbatan ham 159-modda bilan jinoyat ishi ochilgan. Gulnoraning va shoirning ikki o`gli qayerda ekani noma`lum.

Buxoro Ichki ishlar boshqaramasi shoir oilasini militsiya xodimlariga hujum qilganlikda ayblab, qidiruv e’lon qilgan.

Yusuf Jumaning yana bir o’gli Mashrab Yusupov tan jarohati yetkazganlik aybi bilan qamoqda.

Shoirning o`zi biroz avval radioga bergan intervyusida oilasiga nisbatan tazyiqlar sababini O`zbekistonda kutilayotgan prezident sayloviga bog’lagan edi.

“Hozir mamlakat ichkarisida ochiq gapiradigan odamlar kam... Bizning oilamiz prezident nomini keltirib ochiq gapiradi va tuzumga qarshi kurashib kelgan. Saylov oldidan bizni yo`qotishga ko`rsatma bo`lgan ”, - degan edi Yusuf Juma o`g`li Mashrabning qamoqqa olinishi haqida gapirayotib.

Markaziy Saylov Komissiyasi O`zbekiston prezidenti saylovi demokratik tamoyillarga ko`ra o`tadi va nomzodlar uchun teng sharoitlar yaratilgan deb ta`kidlaydi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligidan tashrif buyurgan kuzatuvchilar ham saylovoldi jarayonini maqtamoqda.

Biroq mahalliy faollar nazarida hozirgi ahvol demokratiya talablariga javob bermaydi. Saylovda muqobil nomzodlar yoq. Hukumat tanqidchilari jarayonga yaqinlashtirilmayapti.

Huquq himoyachisi Surat Ikromovning aytishicha 25 dekabrga qadar mamlakatdagi faollarni keskin nazoratda ushlab turish haqida topshiriq mavjud.

“Mendagi ma’lumotga ko`ra nafaqat Toshkentdagi balki viloyatdagi faollar ham qattiq kuzatuvda bo`ladi”, - deydi Ikromov.

Yaqinda Markaziy Saylov Komissiyasi mamlakatda rasman ro`yxatdan o`tgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatini kuzatuvchi sifatida ishtirok etish talabini rad etdi.

“Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovning aytishicha komissiya qonunni buzmoqda.

O`zbekiston Huquq Himoyachilari Alyansi ham Islom Karimovning uchinchi bor nomzodlikka ko’rsatilishini noqonuniy deb, saylov komissiyani javobgarlikka tortishga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG