O'zbekistonda saylovoldi kayfiyat: prezident kim bo'lishi aniq


O`zbekistonda prezident saylovlariga uch kun qoldi. Saylov byulletenlari saylov uchastkalariga yetkazilgan. O`zbek, qoraqalpoq, rus tilida chop etilgan byulletenlar respublikadagi 653 ta saylov uchastkasi o’rtasida taqsimlangan.

Prezidentlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari nihoyasiga yetmoqda. Islom Karimov 19 dekabr kuni Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashgan.

Qolgan nomzodlar - Asliddin Rustamov Jizzaxda, Dilorom Toshmuhamedova Sirdaryoda, Akmal Saidov Toshkentda saylovchilar bilan ko’rishgan. Mahalliy faollarning aytishicha, nomzodlarni noqulay savollardan xalos etish uchun uchrashuvlar cheklangan tarzda o’tkazilmoqda.

Huquq himoyachilari esa saylov jarayonidan norozi. 20 dekabr kuni O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi Respublika Bosh Prokuraturasi oldida piket o`tkazgan.

Piketda Bosh prokuror Rashid Qodirovdan Markaziy Saylov Komissiyasi va uchinchi muddatga nomzodligini ko`rsatgan Islom Karimovga nisbatan qonuniy chora ko`rilishida Oliy Sudga ta`sir o`tkazish talab qilingan.

Mahalliy faollarning bu kabi e`trozlariga rasmiy idoralar javob bermagan.

Kuzatuvchilar fikriga ko`ra, fuqarolar orasida saylovlar taqdiri oldindan hal etilgan degan kayfiyat ustun. Fuqarolardan biri shunday deydi:

“Agar Xorazmdan Suhbat Abdullayev, Abdulla Tojiboy o`g`li, Jahongir Shosalimovlar ro`yxatga olinganda edi, men saylovni haqiqiy mashvarat deb tan olar edim. Bular (hozirgilar) haqiqiy xalq erk-irodasini ifoda etmaydigan nomzodlar. Men shunda ham saylovga boraman va Islom akani g`ayriqonuniy harakatiga, konstitusiyani buzganiga shu yo`l bilan o`z munosabatimni bildirmoqchiman”, - deydi u.

O`zbekistondagi prezident saylovlarida muxolifat vakillari ro’yxatga olinmagan. “Erk” partiyasining saylovga o`z yetakchisi bilan qatnashishi haqidagi murojaati javobsiz qolgan, “Birlik” partiyasi tashabbus guruhini tuzish bo`yicha kechikib javob olgan.

Muxolifatdagi “Ozod Dehqonlar” partiyasining raisi Nigora Hidoyatovaning aytishicha, aksilkonstitutsiyaviy ravishda o`tayotgan saylovrni e`tiborsiz qoldirish kerak, saylov faqat dekoratsiya uchun o`tkazilmoqda.

Saylovlardan keyin O`zbekistonda biror o`zgarish bo`ladi deb o`ylash notog`ri deydi u. O`zgarish bo`lishi uchun xalqaro hamjamiyat saylovgacha O`zbekistonga qattiqroq va kengroq bosim o’tkazishi zarur edi.

XS
SM
MD
LG