"Karimov, yana bitta xotin bilan ikkita erkakdan birini saylaymiz"


Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Mirzoulug`bek Abdusalomov saylovoldi jarayoni yakunlanishi munosabati bilan jurnalistlar va O`zbekistonga tashrif buyurgan kuzatuvchilar bilan brifing o`tkazgan.

Uning aytishicha, nomzodlar tomonidan saylov qonunlari buzilmagan, xalqaro kuzatuvchilar saylovning ochiq o’tishini ta`minlaydi.

Biroq huquq himoyachilari O`zbekistonda prezident saylovlari aksilkonstitusiyaviy ravishda tashkil qilinganini ta`kidlab keladi.

Huquq himoyachilari alyansi saylov qonunlari buzilishi yuzasidan qonuniy chora ko`rilishni talab qilib Respublika Bosh Prokuraturasi oldida piket o`tkazishda davom etmoqda.

“Hammamizga ma’lum, ikki marta saylangan shaxs uchinchi muddatga prezidentlikka nomzod bo`lishga haqqi yo`q. Markaziy Saylov Komissiyasi fuqaro Islom Karimovni uchinchi muddatga nomzod sifatida tasdiqlagan. Bu O`zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-moddasiga ko`ra, hokimiyatni zo`rlik bilan olishga da`vat qilishdir. Biz shu da’volar bilan Bosh Prokuraturaga murojaat qildik, ammo arizamizga hech javob bermayapti”, - deydi piket qatnashchisi Abdulla Tojiboy o`g’li.

Huquq himoyachisi Yelena Urlayevaning aytishicha, O`zbekiston hukumati saylov oldidan mamlakatda demokratik vaziyat mavjudligini ko`rsatish uchungina piket o`tkazishga ruxsat bermoqda.

“Bu faqat saylov bilan bo`gliq. Saylovdan keyin bizning taqdirimiz nima bo`ladi, noma`lum. Bunday chiqishlar keskin taz’yiq ostiga olinsa kerak”, - deydi Urlayeva.

Saylov munosabati bilan piket rejalagan shoir Yusuf Juma yaqinda Yangiyo`lda huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olingan edi.

Ma`lumotlarga ko`ra, hozir shoir o`g`li Bobur bilan huquq-taribot idorasining podvalida saqlanmoqda.

O`zbekiston prezidenti saylovlariga bir kun qoldi.

Saylovda amaldagi prezident Islom Karimov, Xalq Demokratik partiyasidan Asliddin Rustamov, “Adolat” partiyasidan Dilorom Toshmuhammedova, tashabbus guruhidan Akmal Saidovlar nomzod sifatida qatnashmoqda.

O`zbekiston aholisi amaldagi prezidentdan tashqari, saylovda qatnashayotgan nomzodlar, ularning dasturlari haqida to`liq tasavvurga ega emas. Ko`pchilik prezident saylovlari haqida gapirishni xohlamaydi.

“Bilmadim, qo`ldan kelgancha tanlaymiz nomzodlarni… Karimov, yana bitta xotin bilan ikkita erkak bor”, - deydi saylov haqida fikr bildirgan yigitlardan biri.

“18 yil bo`ldi prezident bo`lganiga, pishib ham qoldi endi. Kamchiliklar bor, lekin baribir o`zi bo`lsa kerak. Shunday deyishayapti. Z o`r, yaxshi mutaxassislar bor, aqlli odamlar, lekin ular nomzod emas. Prezident vaqti baribir chegaralangan odam, bugun bor, ertaga boshqa odam bo`lishi ehtimoli ko`p”, - degan fikrlarni bildiradi yana bir fuqaro.

“Xudoga shukur, yildan yilga, qancha qiyinchilik bo`lsa ham, hayotimiz yaxshi tomonga o`zgarayapti. 23 dekabr kuni borib, ovoz beraman”, - deydi boshqa bir kishi.

Ma`lumotlarga ko`ra, saylov oldidan xavfsizlik choralari ko`rilmoqda, jumladan, Tojikiston bilan chega 25 dekabrga qadar yopilgan.

Ayrim axborot vositalari saylov jarayonida xususiy mehmonxonalarda odam qabul qilish taqiqlangani haqida xabar bermoqda.

XS
SM
MD
LG