Breaking News

Saylov: Bahs-munozara yo'qligi o'zbekona urf-odat bilan izohlanmoqda


O’zbekistonda nomzodlarning saylovoldi targ’ibot ishlari nihoyasiga yetgan. Markaziy Saylov Komissiyasi saylov uchastkalari ovoz berish uchun tayyor ekanini bildirmoqda.

Xalqaro kuzatuvchilarning saylov jarayoniga berayotgan bahosi mahalliy matbuot sahifalarida keng aks ettirilgan.

Fikrlar asosan saylov demokratik tarzda o’tishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani haqidagi e`tiroflardan iborat.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) cheklangan sondagi guruhi jarayonni kuzatmoqda. Tashkilotning saylov haqidagi dastlabki xulosalari o’zbek matbuotida aks etmagan.

YXHT hisobotida yozilishicha, prezidentlikka nomzodlardan biri 1991 yildan buyon davlat rahbari bo’lib kelayotgan Islom Karimov. Bir kishining faqat ikki muddatga prezident bo’lishini belgilaydigan qonunga ko’ra, bu holat yuridik aniqlikni talab etadi.

Biroq saylov ma’muriyati ham, prezidentlikka nomzodlar ham bu savolga aniqlik kiritmagan.

Shuningdek, YXHT missiyasi nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari yopiq binolarda, cheklangan tarzda o’tayotgani, nomzodlar amaldagi prezident Karimov siyosatini ochiq qo’llayotgani, ular orasida bahs-munozara kuzatilmayotganini ta’kidlab o’tgan.

Tashkilotga ko’ra, mahalliy mulozimlar bahs-munozara yo’qligini o’zbekcha urf-odat va mentalitetga bog’liq ekani bilan izohlashgan.

Mahalliy sharhlovchi Toshpo’lat Yo’ldoshevning aytishicha, nomzodlarning mamlakatdagi muammolar yuzasidan bahs-munozarali chiqishlari dunyoning hamma mamlakatida, jumladan arab davlatlarida ham bor.

“Bizning odatimizga ko’ra bir guruhni ochiq, xalq orasida haqoratlash mumkin emas. Siyosiy bahslar hamma joyda mavjud, faqat O`zbekistonda emas. Shu paytgacha nomzodlar chiqish qildi, lekin birortasida muammolar, qiyinchiliklar ko’rsatilmadi, ko’rsata olmaydi ham. Kamchiliklarni ayta olamagandan keyin qanday munozara bo’lishi mumkin”, - deydi Toshpo’lat Yo’ldoshev.

O’zbekiston ichki ishlar vaziri o’rinbosari Abdulla Qo’ldoshevning matbuotda bergan intervyusiga ko`ra, saylov kuni ishlaydigan maxsus guruh tashkil etilgan.

Guruh respublika bo`ylab saylov o`tadigan joylarda tartib saqlash, yo`l-transport harakatini nazorat qilish, aholi osoyishtaligini ta`minlash, favqulodda holatda aholini ogohlantirish kabi vazifalarni bajaradi.

Mahalliy faollar saylov munosabati bilan ta`qiblar keskin kuchayganini bildirishmoqda. Huquq himoyachisi Shuhrat Ahmedov kun bo`yi noma`lum kishilar kuzatuvi ostida ekanini ta’kidlaydi.

“Ehtimol, saylovdan foydalanib bir provokatsiya chiqarishmoqchi, qamab qo`yishmoqchidir. Kimligini aytmaydi, militsiyaga aytsam, aniqlashtirmaydi”, - deydi Ahmedov.

Prezident saylovlarida amaldagi rahbar lslom Karimov, Xalq Demokratik partiyasidan Asliddin Rustamov, Adolat partiyasidan Dilorom Toshmuhamedova, hamda tashabbus guruhidan Akmal Saidovlar nomzodi qo`yilgan.

XS
SM
MD
LG