Amerikada saylov kampaniyasi qizg'in pallada


AQShda prezident saylovlari murakkab jarayon.

Ikki yirik partiya – demokratlar va respublikachilar orasidan o’nlab nomzod o’zini xalqqa tanitish bilan ovora.

Lekin 4 noyabr saylov kuni siyosiy sahnada har bir partiyadan bittadan nomzod qoladi, xolos. Ularni tanlash jarayoni turli shtatda turlicha.

Prezidentlik uchun kurashda Ayova shtatiga eng ko’p e’tibor qaratiladi, chunki ikki eng yirik partiya – respublikachi va demokratlar orasidan yagona nomzod tanlash jarayonini aynan shu shtat boshlab beradi. O’ziga xos yig’inlar orqali.

Bu yig’inlar ancha murakkab jarayon deydi Benyamin Ginsberg, Jons Xopkins Universiteti professori.

“Siyosiy partiyalar tarafdorlari shtatning turli burchaklarida yig’ilib, muhokama o’tkazadi, tortishadi. Kun oxirida hamma ovoz beradi. Ovozlar natijasi butun shtatdan bir joyga to’planadi.”

Bu yig’inlarda ayovaliklar o’z delegatlarini tanlaydi. Delegatlar o’z navbatida ular nomidan prezidentlik uchun nomzodlarga ovoz berishga boradi.

Jarayon har bir nomzoddan ko’p mehnat, harakat talab qiladi. Lekin saylovchilarni ko’ndirish oson emas. Nomzodlar dasturi, qanday mavzularni ko’tarayotgani ular uchun muhim.

Ba’zi siyosiy sharhlovchilar nazarida, Ayova kabi shtatlarda o’tkaziladigan saylov turi odatda yaxshi natija bermaydi. Jorjtaun Universitetidan Mark Rom:

“Bu yig’inlarda qabul qilingan qarorlar ko’pchilik fikrini aks ettirmaydi, chunki ularga boradiganlar asosan eng faol, siyosatga berilgan fuqarolar. Respublikachi delegatlar yi’ginlarda yanada konservativ, demokratlar esa yanada liberal, ya’ni har bir delegat “o’z partiyamning haqiqiy namoyandasiga ovoz beraman” deydi. Partiyaviy yig’inlarda ko’pincha shunga guvoh bo’lamiz.”

Boshqalar nazarida esa partiyaviy yig’inlar demokratik jarayonlar. Vashingtondagi Hovard Universitetidan Lorenzo Morris:

“Bu yig’inlar ko’pchilik fikrini aks ettiribgina qolmay, yangilarini ham shakllantiradi. Demokratiyaning maqsadi ham shu. Odamlar nafaqat o’z fikr-o’ylari bilan keladi, balki boshqalarga ham quloq tutadi, bahslashadi. Turli xil odamlar, turlicha manfaatlar, lekin oxir-oqibat baribir murosaga kelishadi.”

Hozirda Ayova aholisi uchun eng muhimi delegatlarni tanlab, ularni partiya yig’inlariga yo’llash. Saylov esa kelasi yilning 4 noyabriga belgilangan.

XS
SM
MD
LG