Breaking News

Yevropa tashkiloti saylovlarni nodemokratik deb topgan


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) O’zbekistondagi saylovlarni nodemokratik deya qayd etmoqda. Saylovlar tashkilot andozalariga ko’ra o’tmagan, deyiladi bugungi bayonotda. O’zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasining saylovlarda 90 foizdan ziyod saylovchi qatnashdi degani ham xalqaro, ham mahalliy kuzatuvchilar tomonidan shubha ostiga olinmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining saylovlarni kuzatishga javob beruvchi organi – Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi O’zbekistonga oz sonli missiya yuborgan. Bugun chiqarilgan bayonotda saylovlarning demokratik o’tishi uchun qator shartlar bajarilmagan deyiladi.

Missiya rahbari, avstriyalik elchi Valter Siglning (Walter Siegl) aytishicha, saylovlar siyosiy jihatdan cheklangan muhitda o’tgan. Rasmiy qarashlardan farqli fikrlar va siyosiy guruhlarga yo’l berilmagan. Islom Karimovdan tashqari uchchala nomzod ham prezident siyosatini qo’llab-quvvatlashini aytgan. Ularning birortasi prezidentlikka da’vosi borligini ochiq aytmagan, deydi elchi Sigl.

Yevropalik kuzatuvchilar prezidentlikka nomzodlarning birontasi bilan uchrasha olmaganidan afsusda. Biroq, deydi Valter Sigl, missiyaga O’zbekiston rasmiylari tomonidan bosim o’tkazilmagan va ularning ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.

Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi bayonotida aytilishicha, saylovlarda ovoz beruvchilarning 90 foizi qatnashgani haqidagi rasmiy xabarlar shubha uyg’otadi.

Yevropalik kuzatuvchilar rahbari Valter Siglning aytishicha, missiya O’zbekistonning besh shahrida ish olib borgan va saylov uchastkalarida oz sonli fuqarolarni ko’rgan.

Bunday fikrni AQShda tahsil olayotgan o’zbekistonlik talabalardan biri ham ma’qullaydi. Uning aytishicha, O’zbekistonda Sovet davridan qolgan ommaviy ovoz berish amaliyoti hali ham yo’qolmagan, ya’ni bir oila a’zosining boshqalar uchun ham ovoz berishi davom etmoqda. Bir saylovchi nomiga bir necha saylov chaqirig'i kelgan, deydi u.

Ukrainadagi o’zbekistonlik siyosiy qochqinlar jamiyati raisi Ulug’bek Zaynobitdinovning aytishicha, Ukrainada 10 mingga yaqin o’zbekistonlik bor, asosan ishchi migrantlar, biroq saylov kuni Kiyevdagi elchixona ro’yxatida atigi 98 saylovchi qayd etilgan edi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bayonotida saylovoldi jarayonda matbuot asosan prezident Karimov kampaniyasini yoritganini aytgan. Qolgan nomzodlar haqida esa ma’lumot kam bo’lgan. Ayrim kuzatuvchilar fikricha bu hol saylovchilarning ovoz berishiga o’z ta’sirini o’tkazgan. Farg’onalik kuzatuvchilardan birining aytishicha, saylovlarga chiqqanlarning ba'zilari qolgan uch nomzod haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo'lmaganini aytgan.

XS
SM
MD
LG