Islom Karimov uchinchi muddatga saylandi


Markaziy Saylov Komissiyasiga ko`ra, amaldagi prezident Islom Karimov 88,1 foiz ovoz olib yangi muddatga qayta saylangan.

Xalq demokratik partiyasidan nomzod Asliddin Rustamov 3,7 foiz ovoz bilan ikkinchi o`rinni egallagan.

Uchinchi o`rinda 2,94 foiz ovoz bilan “Adolat” partiyasi nomzodi Dilorom Toshmuhamedova.

Eng kam ovoz mustaqil tashabbus guruhidan prezidentlikka nomzod Akmal Saidovga berilgan - 2,85 foiz.

Mahalliy kuzatuvchilar nazarida Markaziy Saylov Komissiyasi rejalashtirilgan prezident saylovlari ssenariysini yakunlamoqda.

Sharhlovchilardan biri Toshpo'lat Yo'ldoshev saylovlardan bir kun avval quyidagicha fikrlarni bildirgan edi:

“Ertaga saylovlar bo`ladi. Bu saylovda kamida sakson foiz ovoz bilan amaldagi prezident g'olib chiqadi. Qolganlariga Oq Saroy qancha ovoz berishni uch-to`rt oy avval belgilab qo`ygan. O`shalarni e`lon qiladi. Byulletenlarni sanagani hech kim bo`lmaydi. Agar xalqaro kuzatuvchilar bo`lsa, ular ham nomigagina sanagan bo`ladi. Lekin haqiqatda byulletenlarni hisoblashga hukumatga yoqmagan birorta odam yaqin yo`latilmaydi”.

Markaziy Saylov Komissiyasi dastlabki natijalarni e`lon qilgan, yakuniy xulosalar esa saylovdan keyin uch kun mobaynida e`lon qilinishi kerak.

Prezident Islom Karimov O`zbekistonni 1989 yildan buyon boshqarib keladi. Bu vaqt mobaynida, deydi kuzatuvchilar, O`zbekistonda keskin avtoritar tuzum barpo etilgan. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat og`irlashgan. Muxolifat yetakchilari mamlakatdan quvg`in qilingan.

Islom Karimovning uchinchi muddatga saylanishi O`zbekiston Konstitutsiyasining qo`pol ravishda buzilishi deya baholanmoqda.

XS
SM
MD
LG