Saylovda qancha odam qatnashgani shubha ostida


Markaziy Saylov Komissiyasi prezident saylovida saylovchilarning 90 foizdan oshig'i ovoz berdi deb bong urmoqda. Mahalliy kuzatuvchilar taxminicha esa bu ko`rsatkich aslida o`ttiz foizdan oshmagan.

24 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligining O`zbekistonga saylovni kuzatish uchun kelgan missiyasi rahbari Sergey Lebedev ommaviy axborot vositalari bilan uchrashuvda saylovlar demokratik tarzda oshkora o`tdi deya takidladi.

Saylovni cheklangan ravishda kuzatgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti esa saylov muqobil nomzodsiz va hukumatning to`liq nazorati ostida o`tdi deya xulosa qilmoqda.

Mahalliy kuzatuvchilar nazarida saylovda ko'p odam ovoz berishni istamagan va yana ko'plab fuqarolarning bunga imkoniyati bo`lmagan.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov ta'biricha saylovda saylovchilarning o`ttiz foizi qatnashgan bo`lsa “shuning o’zi katta gap”.

“Avvalambor konstitutsiyaga zid narsa - saylovda hozirgi prezident Islom Karimovning nomzodi bo`lishi kerak emas edi. Ikkinchidan, saylov komissiyasi bir narsani inobatga olmayapti: O`zbekiston aholisining besh yarim millionidan ko`pi xorijda, asosan Rossiya va Qozo`gistonda. Shuning uchun ham men saylovchilarning o`ttiz foizi qatnashgan deb hisoblayman. Odamlar soni ko`p bo`lmagan, asosan qariyalar va pensionerlar ishtirok etgan”, - deydi huquq himoyachisi.

Saylov ovoz berish huquqiga ega aholining 33 foizi qatnashsagina haqiqiy hisoblanadi.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Ma`murjon Azimov nazarida odamlar saylovga muhim jarayon sifatida qaramagan.

“Saylov uchastklarini kuzatdik. Kam odam qatnashdi. Qatnashganlar ham butun oilasi uchun ovoz berdi. Zo`ravonlik siyosatidan odamlar ochiq fikr bildirishgani yo'q. Ularning saylovda qatnashish istagi ham yo`qligiga guvoh bo`lish mumkin ”, - deydi Azimov.

Uning aytishicha saylov uchastkasida prezidentlikka nomzodini qo'ygan partiyalardan yoki mustaqil tashabbus guruhidan kuzatuvchilar bo`lmagan.

“Ular uchun ajratilgan joylar bo`m-bo`sh turdi”, - deydi Azimov.

Samarqandlik fuqarolardan biri ham saylovda asosan bir kishining ko`pchilik uchun ovoz berishi kuzatilganini qayd etadi.

“Oilada besh-olti kishi bo`ladigan bo`lsa, shulardan hatto ikkitasi ham emas, bittasi kelayapti. Chaqiruv qog`ozini berayapti va hamma blyutenlarni tashlab chiqib etayapti”, - deya vaziyatni tasvirlaydi u.

Jamoatchilik prezident saylovlari taqdiri avvaldan hal etilgan deb hisoblagani uchun ham unga katta umid bog'lamadi deydi siyosiy faollar.

Kuzatuvchilar nazarida Islom Karimovning uchinchi muddatga saylangani noqonuniydir. Mas'ul idoralarning bu borada izoh bermayotgani, ular fikricha, hukumatning qonunni ochiq tarzda oyoqosti qilayotganidan dalolat.

XS
SM
MD
LG