"Demokratik imkoniyat boy berildi"


G’arb, jumladan Amerika matbuoti sharhicha O’zbekiston 18 yillik rahbar Islom Karimovni uchinchi bor saylab demokratiyadan yanada uzoqlashgan.

Karimovning o’zi ovoz berishidan oldin, deya yozadi “Nyu York Tayms” (New York Times), konstitutsiya va xalqaro me’yorlarga rioya qilishning naqadar muhim ekanini tilga oldi, siyosiy taraqqiyot haqida gapirdi.

Biroq na saylov komissiyasi, na hukumat a’zolari muddat xususida so’z ochdi. Hamma o’zini bilmaganga oldi deya yozadi “Nyu York Tayms” Markaziy Osiyodagi muxbiri berayotgan xabarlarga tayangan holda.

AQShdagi boshqa nufuzli gazetalar ham O’zbekiston hukumati xorijdan faqat uni maqtashiga ishongan kuzatuvchilarni taklif qildi, tanqidchilarga eshik ochmadi deya xabar tarqatmoqda.

AQSh hukumati hozircha jim, saylov natijalariga rasman munosabat bildirgani yo’q. Rojdestvo ayyomi munosabati bilan Davlat departamenti ham, Toshkentdagi elchixona ham yopiq. Yevropaga kelsak, u yerda Islom Karimovning 90 foizga yaqin ovoz bilan qayta saylangani keskin kutib olindi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha so’zlovchisi Kristina Gallak (Cristina Gallach) nazarida bu safar nomzodlarning ko’proq bo’lgani tahsinga sazovor lekin baribir xalqqa tanlash imkoniyati berilmadi.

"Saylov shunday tashkil etildiki",- deydi u, "odamlar boshqa nomzodlar haqida ma’lumot ololmadi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan borgan kuzatuvchilar saylovoldi, ovoz berish va uni sanash jarayonida qator xatolarga guvoh bo’lgan".

Kristina Gallakning aytishicha respublika demokratiya tomon intilayotganini butun dunyoga namoyon etish imkoniyatini boy berdi.

“Saylovlar – sinov. O’zbekiston hukumati va xalqi demokratik davlat qurayotganini isbotlay olmadi. Davlat qaramog’idagi matbuot saylovni bir tomonlama yoritdi. Oshkoralik kuzatilmadi”,- deydi Gallak.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qoshidagi Demokratik Institutlar va Inson Huquqlari Idorasi matbuot kotibasi Urdur Gunnarsdottir “Amerika Ovozi”ga Toshkentdan turib intervyu berar ekan, saylov kuchli siyosiy bosim ostida o’tdi deya tasdiqlaydi.

"20 dan ziyod kuzatuvchimiz bilan shunga guvoh bo’ldikki, xalq Karimovdan boshqani tanimaydi. To’g’ri, to’rt nomzod qatnashgani ijobiy o’zgarish, ammo nomzodlarning uch nafari Karimovni maqtadi, uning siyosatini quvvatladi. Xalq siyosiy xilma-xillikni ko’rmasa, ilojsiz qoladi albatta",- deydi Gunnarsdottir.

“Biz qalbaki imzolarni ko’rdik",- deydi u. "Biz ovozlarning o’zgartirilayotganiga guvoh bo’ldik. Bular jiddiy muammolar”.

Yevropa kuzatuvchilari xulosalarni ommaga taqdim etib, uni O’zbekiston hukumati o’qiydi, xalq saylovda qanday xatolarga yo’l qo’yilganini biladi degan umidda.

“Lekin bu bilan biz ko’p narsani o’zgartira olmasligimizni bilamiz”,- deydi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakili.

"Biz saylovlarni qonuniy yoki qonuniy emas deb e’lon qila olmaymiz, qilmaymiz ham. Biz boshqa davlatlar yoki hukumatlarni ham bu saylovlarni qoralashga undayotganimiz yo’q",- deydi Urdur Gunnarsdottir.

"Biz O’zbekiston hukumatiga amaliy maslahat berishimiz va o’z xulosalarimizni O’zbekiston xalqi va tashqi dunyo bilan baham ko’rishimiz mumkin xolos”.

Rossiya rahbari Vladimir Putin Karimovga telefon qilib, g’alaba bilan qutlagan.

O’zbekiston davlat matbuoti va televideniyelarida gretsiyalik, pokistonlik, xitoylik va malayziyalik kuzatuvchilar saylovni oshkora va tartibli o’tdi deya maqtagan. Rasmiy Toshkent tanqidchilari esa ular shu bois ham taklifnoma olgan deydi.

XS
SM
MD
LG