Pokiston sobiq bosh vazirasi Benazir Bxutto o'ldirildi

  • Amerika Ovozi

Pokistonda sobiq bosh vazira Benazir Bxutto suiqasd natijasida halok bo’lgan.

Bxuttoga Ravalpindi shahrida xalqqa murojaati ketidan tarafdorlarini olqishlayotgan paytda o'q uzilgan.

Bir necha soniya ichida o'sha joyda bir kishi o'zini portlatib yuborgan. Kamida 22 kishining o'lgani ma'lum. Bxutto kasalxonada jon bergan.

Benazir Bxutto 54 yoshda edi.

Portlashdan bir necha soat avval “Amerika ovozi” muxbiri Ayoz Gul Bxutto xonim bilan suhbatlashgan edi. Bxutto Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay bilan muloqot qilib, terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish zarurligini e’tirof etgan.

Shu yilning oktyabrida Bxutto 8 yillik surgundan qaytgach, katta portlash sodir etilgan va 140 fuqaro hayotdan ko’z yumgan edi.

Sobiq bosh vazira prezident Parvez Musharraf bilan hokimiyatni birgalikda boshqarish borasida uzoq muzokara olib bordi. Biroq tomonlar bir to’xtamga kela olmadi.

Benazir Bxutto Pokiston sobiq rahbari Zulfiqor Ali Bxuttoning qizi. Benazir Bxutto musulmon davlatida bosh vazir etib saylangan ilk ayol.

Ikki marotaba - 1988-1990 va 1993-1996 yillarda Pokiston bosh vaziri bo’lib faoliyat ko’rsatgan. 1999 yilda korrupsiyada ayblangach, vatanini tark etishga majbur bo'lgan.

Bxutto otasi 1960 yilda asos solgan Pokiston Xalq partiyasi rahbari edi. Musharraf e’lon qilgan favqulodda holatni keskin tanqid qilgan Bxutto terror haqidagi ogohlantirishlarga qaramay, omma oldida chiqishlarini davom ettirgan. G’arb davlatlari Benazir Bxuttoni demokrat islohotchi deya ta’riflab kelgan.

AQSh Bxuttoning o’ldirilganini keskin qoralab chiqmoqda.

Davlat departamenti nazarida Bxuttoning o’limi Pokistonda siyosiy beqarorlik avjida ekanidan, demokratiya xavf ostida ekanidan va ekstremistlar hali ham katta kuchga ega ekanidan dalolat.

Rossiya ham Benazir Bxutto o’limini katta fojea deb atamoqda.

Shuningdek, bugun noma’lum shaxs muxolifat yetakchisi Navoz Sharif tarafdorlarini o’qqa tutib, 4 kishini o’ldirgan. Har ikki siyosatchi 8 yanvarga belgilangan parlament saylovlari arafasida targ’ibot ishlarini olib borayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG