Siyosiy mahbuslar amnistiya tartibida ozodlikka chiqadimi?


O’zbekistonda Konstitusiya kuni munosabati bilan e’lon qilingan amnistiya tufayli 3,5 mingga yaqin mahbus ozodlikka chiqishi kutilmoqda.

Ammo qaror bu safar ham siyosiy mahbuslarni chetlab o’tishi mumkin.

Amnistiya haqidagi qaror ketidan, “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati qamoqda saqlanayotgan huquq himoyachilari, siyosiy mahbuslar ro’yxatini e’lon qilgan. Unda yigirmadan ko’proq faollarning ism-shariflari keltirilgan.

Jumladan sirdaryolik huquq himoyachisi Karim Bozorboyev 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Yaqinda esa shoir Yusuf Juma, Bobur Jumayevlar hibsga olindi.

“Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov fikricha faollar hukumatga nisbatan muxolif qarashlari, demokratik faoliyati uchun soxta ayblar bilan qamalgan.

“Ularning ko’pchiligi davlatga qarshi harakatda ayblovchi moddalar bilan qamalgan. Shuning uchun aministiyaga tushishi ehtimoli qiyin”, - deydi Tashanov.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati hibsga olingan shoir Yusuf Juma huquqlarini himoya qilishga ruxsat so’rab prokuraturaga ariza bilan murojaat qilgan. Arizaga javob olganimiz yo’q, deydi Tashanov.

Hozircha Yusuf Juma milliy xavfsizlik idorasi yerto’lasida saqlanayotgani haqida aytish mumkin, xolos.

Amnistiya munosabati bilan 3,5 mingga yaqin mahbus ozodlikka chiqishi aytilmoqda. Umum-avf birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxslar hamda ayollarga ham tegishli. Biroq hozirgacha e’lon qilingan amnistiyalar huquq himoyachilarini chetlab o’tgani ta’kidlanadi.

Ma’lumotlarga ko’ra, amnistiya siyosiy mahbuslarga tegishli bo’lmasligi uchun ularga qo’shimcha jazo choralari belgilab boriladi.

Masalan, farg’onalaik huquq himoyachisi Mo’tabar Tojiboyeva, jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyevning o’g’li Ixtiyor Hamroyev, muxolifatchi Sanjar Umarovlarga nisbatan doimiy ravishda qo’shimcha jazo chorasi belgilangani ta’kidlanadi.

Ayrim siyosatshunoslar nazarida amnistiya rasmiy Toshkentning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini tiklash uchun o’ziga xos imkoniyatdir.

Ittifoq Andijondagi qonli voqealardan so’ng O’zbekistonga sanksiya qo’ygan edi. 2007 yilning may oyida bu sanksiyalar yumshatildi. O’zbek amaldorlarining Yevropaga safarlarini man etuvchi tartib vaqtincha olib tashlandi.

Rasmiy Toshkent Yevropa va AQSh bilan aloqalarni rivojlantirish lozim ekaniga ishora qilmoqda.

Lekin Yevropa Ittifoqi O’zbekistonda huquq himoyachilari qamoqdan ozod etilishiga e’tibor qaratadi. Jamiyatshunos Kamron Aliyevga ko’ra O’zbekiston hukumati bu shartga qanchalik tayyor, aytish qiyin.

“Bu Yevropa davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilanishiga ijobiy ta’sir qilardi. Bundan qanchalik foydalanish rahbariyatning iqtidoriga havola.”

Faollar nazarida turli soxta ayblar bilan qamoqqa olingan o’nlab huquq himoyachilari, muxolifat vakillari zudlik bilan ozod etilishi kerak.

XS
SM
MD
LG