Benazir Bxuttoning o'limi Pokiston demokratiyasiga katta darz


Pokiston sobiq bosh vazirasi va muxolifat yetakchisi Benazir Bxuttoning o’ldirilishi bilan mamlakatda demokratiya umidlari so’ndi, deydi siyosatdonlar.

54 yoshli Bxutto sakkiz yillik quvg’indan so’ng 18 oktyabr kuni vatanga qaytgan edi.

Yanvar oyida parlament saylovlarida qatnashib, bosh vazirlikni qo’lga kiritmoqchi edi.

G’arb davlatlari Benazir Bxutto Pokistonga oz bo’lsa-da erkinlik olib keladi, mamlakatda qonun ustivorligi ta’minlanadi deya umid qilgan edi.

AQSh prezidenti Jorj Bush Bxutto o’limini keskin qoralab, uni nishonga olganlarni qo’rqoq va qonxo’r qotillar deb atagan. "Bxutto Pokiston siyosiy maydonida dunyoga kelgan va u yerda vatanining asl farzandi sifatida fidoiy xizmat qilgan inson edi," -deydi Bush. Uningcha Pokiston bu og’ir davrda haqiqiy vatanparvaridan ayrildi.

Sobiq bosh vazira Dubaydan vatanga qaytganida, Karachida ro’y bergan portlashda kamida 140 kishi halok bo’lgan edi.

AQSh Davlat kotibining Janubiy Osiyo masalalari bo’yicha sobiq muovini Karla Inderfurt Benazir Bxuttoni Pokiston siyosiy sahnasiga murakkab bir davrda qaytdi, qanday xavf bilan yuzlashayotganini yaxshi bilar edi deydi.

Tahlilchi Terezita Shaffer nazarida Bxuttoning o’ldirilgani Pokiston prezidenti Parvez Musharraf, hukumat obro’siga salbiy ta’sir ko’rsatadi.

"Ko’pchilik bu fojiada hukumatning, harbiylarning qo’li bor degan fikrda. Hukumat Bxuttodek siyosatchining xavfsizligini ta’minlay olmagani afsuslanarli holat."

Pokistonning AQShdagi elchisi Mahmud Ali Durrani, rasmiy Islomobod terrorchilarni yo’q qilish harakatlarini yanada kuchaytiradi degan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi favqulodda yig’ilish o’tkazib Bxutto o’limini qoralagan va Pokistonda tinchlikka chaqirgan. BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun Pokiston hukumatini jinoyatchilarni topib jazolashni talab qilmoqda.

Xavfsizlik Kengashi rahbari, Italiya elchisi Marsello Spatafora terror xurujlari qayerda va qachon hamda qanday maqsadlar bilan uyushtirilmasin, xalqaro tinchlikka jiddiy tahdiddir deydi. Terrorchilarni topishda mamlakatlar hamkorlik qilishi shart, deydi u.

AQSh nazarida Pokistonda 8 yanvarga belgilangan saylovlarni qoldirmaslik lozim.

Davlat departamenti rasmiysi Tom Keysining ta’kidlashicha, Parvez Musharraf hukumati saylovlar erkin, adolatli va ochiq o’tishini ta’minlashi muhim. Siyosiy tizim qonuniy asosga ega bo’lmasa uzoqqa bormaydi. Xalqqa tanlash huququni bering deydi u.

Rasmiy Vashington nazarida Pokistonda hozirgi sharoitda saylovni kechiktirish yoki favqulodda holat e’lon qilish faqatgina ekstremist guruhlarga qo’l keladi.

Davlat kotibasi Kondoliza Rays chiqargan bayonotida Pokiston xalqiga sabr-toqat va kuchli iroda tilagan.

XS
SM
MD
LG