Pokiston rahbari namoyishlarga chek qo'yishni buyurdi


Pokiston prezidenti sobiq bosh vazira Benazir Bxuttoning o’limi ketidan mamlakatda davom etayotgan namoyishlarga chek qo’yishni buyurgan.

Bu namoyishlarda payshanba kunidan beri 38 kishi halok bo’lgan.

Hukumat va muxolifat esa Benazir Bxutto qanday o’lgani yuzasidan kelisha olmayapti. Muxolifat nazarida, hukumat sobiq bosh vazirani himoya qila olmaganini yashirishga urinmoqda.

Rasmiylarning aytishicha, Benazir Bxutto 27 dekabr kuni Ravalpindi shahrida portlash ro’y berganda boshi mashinaga urilib, keyinroq kasalxonada jon bergan.

Hukumat, shuningdek, Al-Qoida yetakchilaridan biri Baytullah Mahsudni ayblamoqda. Lekin Bxuttoning yaqin safdoshlari fikricha bular hammasi yolg’on.

Bxuttoning Xalq Partiyasi vakili Sheri Rahmonning aytishicha sobiq bosh vaziraga o’q uzilgani aniq.

Pokiston Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Javed Chima, jurnalistlar bilan uchrashuvda, Al-Qoida mamlakatni beqaror qilishga urinmoqda deydi.

Al-Qoida a’zosi Baytulla Mahsud esa barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Benazir Bxuttoning o’limi mamlakat bo’ylab tartibsizliklarga sabab bo’lgan. Ichki ishlar vazirligi millionlab dollar zarar ko’rilgani haqida bildirmoqda.

Bxutto oktyabr oyida vatanga qaytganida ham portlash ro’y berib, 140 kishining hayotiga zomin bo’lgan edi. Hozircha 8 yanvarga belgilangan saylovlar qoldirilgani yo’q.

XS
SM
MD
LG