Pokiston Xalq Partiyasini Benazir Bxuttoning o'g'li boshqaradi

  • Amerika Ovozi

Sobiq bosh vazir, marhum Benazir Bxuttoning Xalq Demokratik Partiyasi o’ziga yangi rahbar tanladi.

Pokiston Xalq Partiyasining bugungi yig’ilishida Benazir Bxuttoning o’g’li Bilaval Bxutto va turmush o’rtogi Osif Zardariy rahbar etib tanlangan. Ota va o’g’il partiyani birgalikda boshqaradi.

Islomoboddagi Qaud-I-A’zam Universiteti siyosiy sharhlovchisi Ishtoq Ahmad nazarida bu tabiiy hol.

Bangladesh, Shri Lanka, Hindiston va Pokistonga qarasangiz, siyosatni sulolalar boshqaradi. Ba’zilar uchun, ayniqsa, g’arb uchun bu nodemokratik tuyulishi mumkin. Lekin bu – biz uchun tabiiy. Voris, deydi tahlilchi, aynan shu suloladan bo’lishi shart.

19 yoshli Bilaval Bxutto Angliyaning Oksford universitetida huquq sohasini o’rganmoqda. Universitetni tamomlagunicha, siyosiy yumushlarni maxsus tuzilgan hay’at boshqaradi.

Bugun Pokistonda konferensiyada so’zlagan Bilaval Bxuttoning aytishicha, partiya demokratiya uchun ikki karra shijoat bilan kurashishda davom etadi.

Bilaval Taekvondo bo’yicha qora belbog’ sohibi, otasi Osif Zardariy singari mohir chavandoz.

Bilaval Bxuttolar sulolasining siyosatga qadam qo’ygan ichinchi avlodi.

Partiya yig'ilishida kun tartibidagi yana bir masala – kelayotgan saylovlarda qatnashish yoxud qatnashmaslik. Xalqa Partiyasi matbuot kotibi Sherri Rahmon fikricha,

“Ayni damda asosiy vazifa – tarqalib ketmaslik. Bir yoqadan bosh chiqarib, yagona maqsad sari harakatlanish. Pokiston Xalq Partiyasi mamlakatdagi eng yirik partiya. Benazir Bxuttoning siyosiy merosini davom ettirish – ustuvor vazifamiz”, - deydi partiya vakili.

Bu orada Pokistonda 8 yanvarga belgilangan parlament saylovlari kechiktirilishi mumkin. Markaziy Saylov Komissiyasi ertaga favqulodda yig’ilish o’tkazib, masalani hal qiladi. Pokistondagi hukmron partiya vakili Tariq Azim fikricha, taxminlarga ko’ra, saylovlar 3 oydan so’ng o’tkaziladi.

Sobiq bosh vazir Navoz Sharif saylovlarni boykot qilish niyatida.

Pokiston Xalq Partiyasi ham qatnashmasa, saylovni o’tkazishga hojat qolmaydi.

Pokiston bo’ylab to’qnashuvlar hamon tingani yo’q. Hafta davomida 44 kishi jon bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG