Breaking News

Markaziy Osiyoda 2007 yilning muhim voqealari xatlovi


2007 yil Markaziy Osiyoda barcha hukumatlar o’z qudratini mustahkamladi. Uzoq yillik rahbarlar qayta saylandi, hukmron tuzumlar saylov va referendumlar orqali nufuzini oshirdi. O’tgan bir yil tarix sahifalariga Markaziy Osiyoda demokratiyadan yanada chekinish davri sifatida kirsa ajabmas. Biroq buni kelajak va odil vaqt belgilaydi.

2007 yil Turkmanistonda motam bilan boshlandi. Saparmurod Niyozovdan keyin hokimiyatni u ishongan Qurbonguli Berdimuhammedov egalladi. 11 fevralda xalq uni yangi prezident etib sayladi.

Tojikistonda 2013 yilgacha prezidentlik vakolatini qo’lga kiritgan Imomali Rahmon 2007 yilda qashshoqlikka qarshi kurashni avj oldirdi. Xalqaro tashkilotlar nazarida mamlakat ildam rivojlanmoqda, biroq Tojikistonda siyosiy-ijtimoiy bosim kuchaygan.

Qozog’istonda parlament qarori bilan Nursulton Nazarboyevga prezidentlikka cheksiz marta saylanish huquqi berildi. Avgust oyidagi parlament saylovi natijasida Nazarboyevning “Nur Otan” partiyasi qonunchilik palatasida eng ko’p o’rinni egalladi. Respublika 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish imkoniyatini qo’lga kiritdi.

Markaziy Osiyodagi eng demokratik jamiyat hisoblanmish Qirg’izistonda siyosiy beqarorlik hamon tingani yo’q. Bosh vazirlar almashdi. Oktyabrdagi referendum ketidan parlamentga saylovlar o’tdi. Prezident Kurmanbek Bakiyevning partiyasi ustun keldi. Saylovlar g’arb kuzatuvchilari tomonidan nodemokratik deb topildi.

2007 yil O’zbekistonda mavhumlik bilan boshlandi. Prezidentning muddati bitayotgani haqida uzoq sukutdan keyin sentyabr oyida saylovlar haqida gap ochildi. 23 dekabrdagi saylovda Islom Karimov uchinchi bor prezidentlikka saylandi. Rossiya va Xitoy Karimov xalq ishonchini qozondi desa, G’arb nazarida saylov boshidan oxirigacha noxolis, adolatsiz va hukumatning kuchli bosimi ostida o’tdi. Karimov Yevropa va AQSh bilan aloqalarni tiklash kerakligi haqida gapirmoqda. O’zbekiston buyuk kelajak tomon katta qadamlar tashlamoqda deydi prezident.

XS
SM
MD
LG