Breaking News

O'zbekistonda joriy yil nimasi bilan yodda qoladi?


2007 yilning O`zbekiston hayotida tutgan o`rni, mazkur yilning nimalar bilan yodda qolgani haqida fikr bildirayotgan mahalliy kuzatuvchilar, yilning asosiy voqeasi sifatida prezident saylovlarini tilga olmoqda.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, bu saylovlar O`zbekistonning keyingi siyosiy yo`nalishini belgilovchi nuqta. Yaqinda Markaziy Saylov Komissiyasi saylov natijalarini ma`lum qildi. Yakuniy natijalar dastlabkisidan farq qilmaydi - 90 foizga yaqin ozov bilan O`zbekiston prezidenti Islom Karimov g`alaba qilgan.

O`zbekiston ommaviy axborot vositalari, rasmiy idoralar Karimovning uchinchi muddatga prezidentlikka saylanishi qonunga zid ekani haqida hech narsa demay kelmoqda.

“Mana Islom Karimov prezident bo`ldi. U hech qanday islohotlarga yo`l qo`ymaydi. Bundan keyin ham xalqning ahvoli og’irlashib boradi. 2007 yildagi vaziyat oldingi yillarning davomi desak to`g`ri bo`ladi. Chunki ijtimoiy-siyosiy osoyishtalik, asosan, zo`ravonlik, shafqatsizlik bilan ta`minlab kelindi. Holbuki, barqarorlikni jamiyatning barcha qatlamlarini jalb etgan holda ham ta`minlash mumkin”, - deydi sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

Mahalliy huquq himoyachilari bu yilni ham ko`pgina safdoshlariga ko`rsatilgan bosimlar, taz’yiqlar bilan eslaydi. O`zbekiston inson huquqlari tashbbus guruhi vakili Surat Ikromovning so’zlariga qaraganda, 2007 yilda qiynoqlar qo`llanishi yanada kuchaygan.

“Vaziyat avvalgidan ham og’irlashdi. Biz 2007 yilda qamoqxonalarda qiynoqlar tufayli bir nechta kishi vafot etgan. Bundan tashqari, dekabrda o`tgan saylovlarning nokonstitusiyaviyligi ham vaziyatni ko`rsatib turibdi”, - deydi Ikromov.

Surat Ikromov fikricha, 2008 yilda vaziyat o`zgarishi mumkinligiga umid qilishdan boshqa iloj yo’q.

“O`sha eski rejim qolayapti. Diktatura rejimining esa yaxshi tomonga o`zgarishi qiyin. Buni millionlab odamlarning ish izlab O`zbekistondan chiqib ketayotganidan ham kuzatish mumkin”, - deydi u.

O`zbekiston aholisining asosiy qismini tashkil etgan qishloq xo’jaligi vakillari - fermerlar dehqonchilik imkoniyatlari tobora cheklanayotganini aytishadi.

“2007 yilda ko`pgina fermerlar davlatdan qarz bo`lib chiqishdi. Ancha yillardan buyon fermerlik bilan shug`ullanaman, lekin ularga imkoniyat beruvchi biror o`zgarish bo`lgani haqida gapira olmayman. Yildan-yilga og`irlashayapti”, - deydi fermerlardan biri.

Oddiy fuqarolar 2007 yilda narx-navo, ayniqsa, oziq-ovqat narxi keskin ko`tarilganini qayd etadi.

"Bozorga borsangiz, kartoshka 800 so`m, go`shtni esdan chiqarib yuborgan odamlar bor. Oddiy ko`kat 150 so`m. Masalan, yog` ololmaymiz, magazinlarga beradi. Bizning mahallada 600 ming kishi turadi. Kishi boshiga 2 litrdan yo`g nima bo`ladi? Un esa 1,5 mingga chiqib ketdi", - deydi toshkentlik fuqarolardan biri.

Uing aytishicha, 2008 yilda oddiy aholining hayoti yaxshilanishi haqida umid beruvchi hech qanday o`zgarishlar ko`rinmayapti.

2007 yil haqida fikr bildirgan ayrim faollar O`zbekiston hayotidan yana bir ko`rinishga e`tibor qaratadi. O`zbekiston fuqarolari qo`shni Tojikiston va Qirg`izistonda mardikorlik qilmoqda, deydi ular.

XS
SM
MD
LG