Breaking News

Pokistonda saylov kechiktirildi, mamlakat siyosiy kelajagi mavhum


Pokistonda parlament saylovlari kelasi oyga qoldirilar ekan, tahlilchilar nazarida mamlakat siyosiy kelajagi har qachongidan mavhum.

Sobiq bosh vazira Benazir Bxuttoning o’ldirilgani, deydi ular, prezident Parvez Musharraf hokimiyatini zaiflashtirdi.

Garvard Universiteti xodimi Kseniya Dormandi so’zlariga ko’ra Musharraf u bilan ishlashga tayyor yetakchi siyosatchidan ayrildi.

“Benazir Bxuttoning xalq orasida tarafdorlari ko’p edi, Musharrafga hamkor bo’la olardi.”

Janubiy Osiyo bo’yicha mutaxassis Amit Pandya esa prezident Musharrafning bundan buyon mamlakatni samarali boshqara olishiga ishonmaydi.

“Musharrafga nisbatan norozilik kuchli. Prezidentlikka qayta saylanishining qonuniy asoslari ham shubha ostida. Musharraf siyosati mamlakatni barqarorlik tomon yetaklamaydi.”

Pokistonda parlament saylovlari rasmiy Vashington nazarida albatta erkin va adolatli o’tishi kerak. Musharrafga shuni uqtirishi kerakki, barqarorlik va qonun ustuvorligini ta’minlash favqulodda holat joriy qilish degani emas.

Tahlilchi Patrik Basham hozirda bosh maqsad mamlakatni tinchlantirish deydi. Uningcha, Pokiston yadro quroliga egaligi hamda terrorga qarshi kurash maydoni ekani bois, dunyodagi eng xavfli davlatlardan biri.

Pokistonda AQShga nisbatan kayfiyat salbiy. Lekin xavfsizlik bobida, deydi siyosatdon Set Jouns, Musharraf Vashingtonga tayanadi.

“Pokistonning qabilaviy hududlarida joylashib olgan ektremist guruhlar hukumatni yemirishga qodir. Rasmiy Islomobod ularni nazorat ostiga olish, chora ko’rish muhim ekanini tushunadi,” - deydi Jouns.

Vashington bu borada Musharraf hukumatiga yordam berishi mumkin, lekin buni ohista, imi-jimida amalga oshirgan ma’qul. Pokiston rahbariga ortiqcha muammolarning keragi yo’q, deydi xavfsizlik bo’yicha mutaxassis Xay Rotshtein.

Bush ma’muriyati 2001 yildan beri Pokistonga 10 milliard dollarga teng harbiy yordam bergan. Afg’on-Pokiston chegarasidagi, ekstremizm avj olgan qabilaviy hududlarda taraqqiyot dasturlari uchun esa yaqinda 750 million dollar ajratdi. Maqsad aholi turmushini yaxshilab, ittifoqchilarni orttirish.

Biroq aksariyat kuzatuvchilar Pokistonda ekstremizm quloch yozmoqda degan xavotirda. Ko’pchilik 18 fevralga belgilangan saylovga umid bog’lagan.

XS
SM
MD
LG