Breaking News

AQSh Erondagi ozarlar ahvolidan xavotirda


Qo’shma Shtatlar Erondagi ozariy jamoalar yuzlashayotgan muammolarga e’tibor qaratmoqda. Qator faollar qamoqda, qiynoq va xo’rlanishga mahkum.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi guruhlarga ko’ra, ozariy jamoalarga bosim davom etmoqda. Hibsdagi ozarlar huquqini himoya qiluvchi tashkilot rahbari Fahte Zamonining aytishicha, faollardan biri - Abbos Lisoni hamon qamoqda.

"Abbos Lisoniy 2006 yildan beri Ardubil qamog’ida saqlanmoqda. Sud hukmiga binoan uni 50 bor savalash bilan birga, jazo muddati uzaytirildi - 12 oyga. Lisoniy bir necha bor ochiq xatlar yozgani, ozariy-eronliklar huquqini himoya qilgani uchun ham shunday ahvolga solinmoqda", - deydi Zamoni xonim.

Qamoqdagi ochlik va qiynoqlar bois, Lisoni kasalliklarga duchor bo’lgan.

"Uning hayoti xavf ostida. Qiynoqlar shunchalik shavqatsizki, Eron turmalarida oddiy hol hisoblangan savalanishdan ham o’tib tushadi", - deydi huquq himoyachisi.

Huquqlarini talab chiqib, qamalgan ozariy-eronliklar qatorida Behruz Safari va rafiqasi Laylo Said, Said Metinpur va akasi Alrizo Ilqor Merendli, Jalil Genilu, Muhammad Nusrati, Mir Qosim Saidinzoda va Abdulla Abbosi Javon kabi faollar bor. Aksariyati sog’lig’i yomonlashganidan shikoyat qiladi.

Advokat Solih Kamroni hamon Evin qamoqxonasida saqlanmoqda. Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko’ra Kamroni aynan ozarlar huquqini himoya qilgani uchun hibsga olingan. Hozir esa o’zi yordamga muhtoj.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormak Eron hukumatini o’z fuqarolariga nisbatan doimiy repressiyalarni to’xtatishga chaqirgan. Siyosiy mahbuslar, huquq faollari ozod etilishi shart, deydi u.

XS
SM
MD
LG