O'zbekiston hukumatida kadrlar almashmoqda


O'zbekiston prezidenti Iqtisodiyot vaziri Rustam Azimovni bosh vazirning birinchi o`rinbosari etib tayinladi. Azimovga iqtisodiyot majmui bilan birga tashqi iqtisodiy aloqalar nazorati ham yuklatilgan.

Adliya vaziri ham almashdi. Bu lavozimga shu paytgacha O`zbekiston bosh prokurori o`rinbosari lavozimida ishlab kelgan Ravshan Muhiddinov tayinlangan.

O`zbekiston Oliy va o`rta maxsus ta’lim vaziri kursisini bungacha vazir o`rinbosari bo`lib ishlagan A`zamjon Parpiyev egalladi.

Kadrlar almashishi yaqinda qayta saylangan prezidentning tashabbusi.

Kuzatuvchilar fikriga ko`ra, prezident saylovlaridan keyin O`zbekiston hukumatida tubdan o`zgarish bo’lishi qiyin. Shu bilan bir qatorda kadrlar masalasida kutilmagan o`zgarish bo`lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Yaqinda Rustam Azimov keyinchalik bosh vazir lavozimiga tayinlanishi mumkin degan ma`lumotlar paydo bo`ldi. Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev so’zlariga ko`ra:

"Shavkat Mirziyoyevdan vakolatlar olinib Rustam Azimovga berilgani hech narsani hal etmaydi. O`zbekistonda malaka hech qanday rol o`ynamaydi. Islom Karimovning boshqarish usuli bu diktat, kim bo`lishidan qat’iy nazar, uning buyrug’ini so`zsiz bajarishi kerak."

O`zbekiston Adliya vaziri yaqin bir yil ichida bir necha bor almashdi.

Toshpo’lat Yo’ldoshevning aytishicha, mavjud rasmiyatchilik, qonunga ko`ra emas, qonunosti hujjatlarga ko`ra ish yuritilayotgani adliya tizimi faoliyatini o`ta og`irlashtirgan. Kadrlar almashishi bu muammoni yechmaydi.

Jurnalist va huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanovning aytishicha:

“Saylovdan keyin Islom Karimov o`z obro`sini saqlab qolish uchun ham hukumatda radikal o`zgarishlar qiladi deb kutilgandi. Lekin bunga o`xshamayapti. Kadrlar masalasi korrupsiyaga botgan urug’-aymoqlarga bog`liq degan gaplarda ham menimcha unchalik asos yo’q. Hammasi faqat Islom Karimovning qosh-qovog`iga qaragan”, - deydi u.

Abdurahmon Tashanovning Oq uyga yaqin odamlardan olgan ma`lumotlariga ko`ra, yaqin kunlarda yana bir yuqori lavozimli rasmiy, Oliy Majlis raisi Erkin Xalilovning ham iste’fosi kutilmoqda.

Dekabrda o`tgan saylovda Islom Karimov uchunchi muddatga qayta saylandi. O`zbekiston prezidenti qasamyod keltirgach, hukumatning yangi tarkibi tasdiqlanishi kerak.

Kuzatuvchilar nazarida amaldagi hukumat tarkibida sezilarli o`zgarish bo`lmaydi.

XS
SM
MD
LG