Breaking News

AQSh va Sharq dunyosi aloqalari o'zbekistonliklar nigohida


Siyosatshunoslar AQSh va islom dunyosi, musulmon davlatlari munosabatlariga turlicha baho beradi. Siyosatshunos Farhod Tolipov fikriga ko`ra, musulmon davlatlari va islom dunyosi bilan munosabatlarda farq bor.

“AQShning islom dunyosi bilan munosabatlari chigal desak, to`g`riroq bo`ladi. Bilamiz, islom dunyosida aksilamerika kayfiyati chuqur ildiz otgan. Sobiq mustamlaka davlatlarida barcha qiyinchiliklarda kapitalistik tizimning ilg`ori sifatida AQSh ayblandi. Vaholanki, musulmon davlatlarini mustamlaka qilgan, asosan, Yevropa davlatlaridir”, - deydi siyosatshunos.

Farhod Tolipovning aytishicha, aksilamerika kayfiyatidan foydalanayotgan turli ekstremistik tashkilotlar borligini ham e`tirof etish kerak.

“AQShning o`zida islom dunyosiga dushman yoki tahdid sifatida qaralmaydi”, - deydi Tolipov.

Toshkent Davlat Sharqshunoslik Institutining professori Telman Sattorovning so’zlariga qaraganda, sobiq ittifoq parchalangandan keyin AQShning gegemonlik siyosati kuchaygan. Shu bilan birga dunyoda AQSh siyosatiga qarshi norozilik ham orta boshlgan.

“AQSh arab sharqi qo`lidan chiqib ketmasligi uchun barcha harakatlarni qildi. Har xil sabablar bilan hamma joyda ishtirok etayapti. AQShda biz birinchi davlatmiz, dunyoga xo`jayinlik qilamiz degan maqsad bor”, - deydi professor.

AQShning islom dunyosi bilan munosabatida Iroqdagi urush alohida o`rin tutadi. Bu borada ham turlicha qarashlar mavjud.

Siyosatshunos Farhod Tolipov ta’biricha, AQSh Iroqda faqat neft uchun harbiy harakatlar olib borayapti deyish noto`g’ri.

“AQSh harbiylari kirmasdan avval Iroqda muammo bo`lmaganmidi? Iroqqa BMT tomonidan ancha ayblar qo`yilgan edi”, - deydi Tolipov.

Professor Telman Sattorov fikricha, Iroqdagi urush bilan AQSh o`z obro`sini tushirmoqda.

“70 yillarda Bag`dod unversitetida o`qiganmiz. Havasimiz kelardi. Misr bilan birga arab sharqidagi eng rivojlanayotgan davlatlardan edi. Hozir AQSh mamlakatga kirib, hamma yoqni dabdala qildi. Bunda Amerikaning aybi katta”, - deydi Sattorov.

Farxod Tolipovning aytishicha, keyingi paytda AQSh Sharqda tinchlik muzokaralarini yuritish uchun jiddiy qadamlar qo`ymoqda.

“Isroil tuzilgach, yarim asr mobaynida Falastin davlati tan olinmayotgan edi. Nihoyat tan olindi, AQSh ham buning tarafdori. Yechim asta-sekin chiqib kelayapti”, - deydi Tolipov.

Telman Sattorovning aytishicha, AQSh ma’muriyati islom dunyosiga munosabatini o’zgartirishi kerak.

“Harbiy kuch bilan ish qilaman desa, bu hech kimga yoqmaydi. AQShga bunday qarasangiz, faqat neftga boy davlatlarga yopishayapti”, - deydi professor Sattarov.

Kuzatuvchilar nazarida Sharq va G`arb munosabatlarida yechimini kutayotgan muammolar ko`payib bormoqda.

AQShga ushbu muammolarni chigallashtiruvchi, shu bilan birga mazkur muammolarni yechishi lozim bo`lgan davlat sifatida qaralmoqda.

XS
SM
MD
LG