Gruziya xalqi NATOga kirish-kirmaslik haqida o'ylanmoqda

  • Amerika Ovozi

Gruziya Markaziy Saylov Komissiyasi prezident saylovlarining dastlabki natijalarini e’lon qildi. Salkam 53 foiz ovoz jamg’argan sobiq prezident Mixail Saakashvili oldinda.

Uning asosiy raqibi Levan Gachechiladze 27 foiz ovoz to’plagan. Tugal natijalar bir necha soatdan so’ng aniq bo’ladi.

Muxolifat ovozlar soxtalashtirilgan demoqda.

Prezident saylovlari bilan birga Gruziyada shanba kuni referendum ham o’tkazilgan. Unda saylovchilar Gruziyaning NATOga kirish yuzasidan munosabat bildirgan. Aholining aksariyati mamlakatining Shimoliy Atlantika Harbiy Blokiga kirish tarafdori.

Gruziyada prezidentlikka nomzodlarning 6 nafari harbiy blokka qo’shilishni yoqlamoqda. Biroq xalqaro transport kompaniyasida ishlaydigan David Mirianashvili fikricha:

NATOga a’zo bo’lish – Rossiya bozoridan yiroqlashishni anglatadi. Bu esa Gruziyaga ziyon keltiradi. Buning salbiy natijalarini sanab tugata olmaysiz deydi u.

Gruziyada g’arbga moyil Mixail Saakashvili hukumat tepasiga kelgach ikki davlat o’rtasida aloqalar ancha sovuqlashdi.

2006 yilda Rossiya Gruziyaga nisbatan embargo joriy etdi. Transport va pochta aloqasi to’xtatildi, Gruziya Rossiya bozoriga kirish huquqidan mahrum qilindi. Gruzin vinosi, meva va sabzavotlari kiritilmay qo’yildi. Turizm ham zarar ko’rdi.

Tbilisilik shifokor Akaki Nishnianidze so’zlariga qaraganda, Gruziya geosiyosiy o’yinga jalb qilingan. Birgina referendum bilan tugunni yechib bo’lmaydi:

Gruziyaning siyosiy taqdirini, deydi Nishnianidze, AQSh va Rossiya hal qiladi. Mana shu ikki yirik davlat o’zaro kelishib olishi kerak deb hisoblaydi u.

Me’mor Irakli Lolashvili esa NATOga a’zolikni ma’qullaydi. Barcha vahimalar quruq gap. Boltiq davlatlari NATOga qabul qilingach ham Moskva bilan murosa qila oldi. Gruziyada ham shunday bo’ladi deydi u.

Lolashvilining aytishicha, Gruziya va Rossiya o’zaro munosabatlarni qayta ko’rib chiqishi zarur. Rossiya bizni hamon o’z mulki deb o’ylaydi. NATOga a’zolik bilan bu qarashlar barham topadi, deya mulohaza qiladi tbilisilik arxitektor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG