Breaking News

Pokiston Amerika armiyasini o'z hududiga kiritmaydi


Bush ma’muriyati Pokiston hududida terrorga qarshi operatsiyalar o’tkazmoqchi. Biroq Pokiston armiyasi matbuot kotibi, general Vohid Arshadning aytishicha, terrorizmga qarshi kurash qanchalik muhim bo’lmasin, Amerika askarlari Pokistonga kiritilmaydi.

Bush ma’muriyati Pokiston shimolidagi qabilalar yashaydigan hududga qo’shin yuborish masalasini ko’rib chiqmoda. Mazkur hudud qarovsiz va xavfli sanaladi. Prezident Parvez Musharraf bu yerda nazoratni deyarli qo’ldan boy bergan. Hududda o’rnashib olgan jangarilar hukumatni zaiflashtirish niyatida.

Pokistonning AQShdagi elchisi Mahmud Ali Durraniy ta’biricha, Pokiston qo’l qovushtirib o’tirgani yo’q. Biz Al-Qoida va Tolibonga qarshi ayovsiz kurash olib borayapmiz. Kurash birgina Usama bin Ladenga emas, terrorizmga qarshi olib borilmoqda, deydi u.

Elchining so’zlariga qaraganda, Bin Laden qayerda ekanini hech kim aniq ayta olmaydi. Biroq u Pokistonda yashiringani ayon bo’lsa, mahalliy armiya terrorchini qo’lga tushiradi.

AQShda prezidentlikka nomzod siyosatchilar Pokistondagi vaziyat yuzasidan turlicha fikr bildirmoqda. Demokrat senator Barak Obama Pokiston hududiga qo’shin kiritib, Bin Ladenni yo’q qilish tarafdori.

Prezident Musharrafni yaqindan tanigan yana bir nomzod, respublikachi senator Jon Makkeyn nazarida, agar u prezident etib saylansa, Musharraf bilan muntazam muloqotda bo’lib turadi. Makkeyn ta’biricha, Musharraf “yaxshi inson”, biroq hamma singari xato qilib turadi.

Demokrat nomzod Bill Richardson esa Musharraf ishdan ketishi lozim degan fikrda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG