Breaking News

AQSh rahbari Yaqin Sharqqa safarini boshladi


Prezident Jorj Bush 8 kun davomida Isroildan tashqari yana besh arab mamlakatiga tashrif buyuradi - Bushning uzoq muddatli va muhim xorijiy safari.

"Vashington Tayms" gazetasiga ko’ra, Isroilga prezident sifatida ilk bor tashrif buyurayotgan Bush Quvayt, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misrda ham to’xtab o’tadi. Ramallohga borib Falastin rasmiylari bilan uchrashadi.

Yaqin Sharqda tinchlikni o’rnatish oson emas deydi Bush.

"Ba’zi masalalar bo’yicha murakkab qarorlar qabul qilishga to’g’ri keladi. Amerika Isroil va Falastin davlatlarining tinchlik va totuvlikda yashashi uchun ularga yordam berishga tayyor," - deydi Bush.

Arab davlatlariga tashrifi chog’ida Bush ulardan o’z sa’y-harakatlariga madad so’rashini bildirmoqda. Iroq va Afg’onistonda demokratik jamiyatni barpo etish hamda Eron masalasi bo’yicha umumiy pozitsiya ishlab chiqish muhimligini ham ta’kidlaydi.

Ayrim mutaxassislar nazarida prezidentlik muddatining tugashiga deyarli 10 oy vaqt qolarkan, Bush bunday qisqa vaqt ichida ko’zlangan maqsadga erisha olmaydi.

Xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassis Entoni Kordsman fikricha Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari AQShdagi saylov jarayonini yaqindan kuzatmoqda.

"Oliy maqsaddan voz kechmaslik kerak albatta. Biroq shuni tan olish kerakki, mintaqada tinchlikni o’rnatish vazifasi Bushdan keyingi ma’muriyat zimmasiga tushadi."

Eron yadro dasturi Qo’shma Shtatlarni xavotirga solayotgan yana bir masala. Bush arab mamlakatlaridan AQShning rasmiy Tehronga nisbatan pozitsiyasini qo’llab-quvvatlashni so’raydi.

Biroq “Vashington Post” gazetasiga ko’ra, arab davlatlari yadro quroliga ega bo’lmagan Eronni yakkalatishni istamaydi. Bush esa o’z navbatida ularni Eron katta tahdid ekaniga ishontirishi kerak.

"Prezidentlikdan ketganingizdan so’ng sizni qanday xotirlashlarini istaysiz" degan savolga Bush shunday javob beradi:

"Men o’z siyosiy maqsadlarim yo’lida ko’plab begunoh odamlarni o’ldirgan ekstremistlarga qarshi kurashgan inson sifatida yodda qolishni xohlayman."

Biroq arab dunyosining bu borada fikri o’zgacha. Ayrim arablar nazarida iroqliklar va falastinliklarning ayanchli taqdiriga aynan Oq uy sababchi. Diktatorlar Amerikadan qo’rqmay qolgan, Yaqin Sharq aholisi esa undan nafratlanadi. Bush o’zidan so’ng ana shunday iz qoldirmoqda, deydi “Vashington Post”ga taniqli misrlik jurnalist.

XS
SM
MD
LG