Turkiy xalqlar siyosiy, iqtisodiy jihatdan birga ishlashga qiynalmoqda


AQSh rahbari Jorj Bush bugun Oq uyda Turkiya prezidenti Abdulla Gulni qabul qildi.

Yaqin Sharq, Iroq va Afg’onistondagi vaziyat hamda Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo'shilish istagi muhokama qilingan.

Har ikki mamlakat, deydi Bush, terrorism xavfi bilan yuzlashmoqda. Terrorchi tashkilot deb belgilangan Kurdiston Ishchilar Partiyasi, deydi u, Turkiya, Iroq va AQShga birdek tahdid.

AQSh rahbari Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zoligini quvvatlaymiz deydi. Musulmon davlati Turkiya Bush nazarida demokratiyaning yorqin misoli.

Ma’lumki, AQSh Kavkaz va Markaziy Osiyodagi energiya zaxiralari va strategik hamkorlik tashabbuslarida Turkiya bilan o’xshash siyosat yuritadi.

Prezident Abdulla Gul yaqinda mintaqaga safari chog’ida bu mavzularni keng muhokama qilgan edi. Bakuda o’tgan turkiy davlatlar qurultoyidan so`ng Istanbulda turk davlatlari parlamentini tashkil etish ishlari boshlangan.

O`zbekistonda bu borada turlicha qarashlar bildirilmoqda.

Yaqinda Qozog’istonda turk xalqlari birligining afsonaviy timsoli – Ona Bo’riga haykal o’rnatildi. Qozoq ziyolilari buni asosan turkiy birlikni ifodalovchi timsollarga ehtiyoj borligi bilan izohlaydi.

O`zbekistonlik sharhlovchilar fikricha Turkiston xalqlari birligi tarix davomida o`zbek ziyolilarining orzuiga aylangan g`oyadir. Biroq bugungi kunda bu yo’nalishda na jamoatchilik orasida, na O`zbekiston rasmiy siyosatida biror harakat kuzatiladi.

Turkiy davlatlarning hozirgacha o`tgan qurultoylarida O`zbekiston rasmiylari ishtirok etmagan, yoki bu haqda jamoatchilikka ma`lum qilinmagan.

Bugun turk davlatlari birligi ko`proq Turkiya tomonidan qo’llanilayotgan tashabbusidir. Istanbulda turk davlatlari parlamentini tashkil etish ishlari borayotgani haqida ma`lumotlar bor.

Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zolikka umidvor. O`zbekistonlik kuzatuvchilar fikricha islom davlati bo`lgan Turkiyada demokratik boshqaruv boshqa turk davlatlari uchun ham o`rinli tajriba.

Turkiyaning ittifoqqa qo’shilishi, deydi ba’zilar, boshqa turkiyzabon davlatlar uchun ham imkoniyat yaratadi.

“Turkiya Yevropa Ittifoqiga kirsa, bu shubhasiz, turkiy davlatlarning, islomiy davlatlarning muvaffaqiyati bo`ladi. Turkiya namunasida Yevropa Ittifoqi singari turkiy davlatlarning birlashmasi yuzaga kelishi mumkin”, - deydi jamiyatshunos Kamron Aliyev.

Siyosatshunos Muqimjon Qirg’izboyev fikriga ko’ra esa Turkiyaning ittifoqqa a’zoligi hozirgi paytda boshqa davlatlar uchun ahamiyatli bo`lishi qiyin.

“Turkiy davlatlarning ko`pchiligi Osiyo mamlakatlari bilan aloqalar o`rnatmoqda. Bundan tashqari ularning o`zlari ham ikki tomonlama, Yevropa Ittifoqi bilan munosabat o`rnatishgan, ko`prik bo`lishni hojati bo`lmasa kerak”, - deydi Qirg’izboyev.

Kamron Aliyev nazarida Turkiyaning turkiy davlatlar ittifoqini shakllantirish va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo`lish harakatlari bir-birini to`ldiradi.

“Gap xalqlarimizning ulug’ g’oyalaridan biri - umumiy bozorni tashkil etish, birlashish g`oyasini reallikka olib chiqish haqida ketmoqda. 10 ga yaqin davlatlar birlashib, umumiy bozor yaratishi mumkin - bu iqtisodiyotning keskin ko`tarilishiga xizmat qilishi kerak. Lekin turkiylar birlashishini istamayotgan tomonlar ham borligini ta’kidlash kerak”, - deydi jamiyatshunos.

Rasmiy Toshkent mavzu yuzasidan biror munosabat bildirgani yo’q. Hukumat doirasidagi siyosatshunoslar bu borada o`ta ehtiyotkorlik bilan so`zlashadi.

Muqimjon Qirg’izboyevning ta’kidlashicha, avvalo turkiy davlatlar parlamenti shakllanishi uchun vaqt, imkoniyatlar kerak.

“Yevropa Ittifoqining shakllanishi, parlamenti tuzilishi farovon bir sharoitda o`tdi. Lekin rivojlanmagan davlatlar birlashishi uchun vaqt kerak bo`ladi. Agar rivojlanish darajasiga erishib birlashsa, integratsiya natija berishi mumkin. Faqat tilga qarab birlashadigan bo`lsa, qaysidir mamlakatning iqtisodiy jihatdan kuchsizligi uchun o`rtada ziddiyatlar, qo`shilmaslik harakati ustuvor boladi”, - deydi Qirg’izboyev.

Sharqshunoslik Instituti professori Telman Sattarovga ko’ra turkiy birlik siyosatdan xoli bo`lgan, madaniy aloqalarga asoslanishi kerak.

“Men professor bo`lib ham ba`zi narsalarni bilmas ekanman, chiqqan joyimiz bir bo`lsa, bir-birimizni bilishimiz o`rganishimiz kerak endi. Nega faqat arab sharqi, arab sharqi deymiz. Endi turklar sharqi deb ham aytishimiz kerak”, - deydi professor.

Ayrim kuzatuvchilar ta’biriga ko’ra turkiy birlik tarixan shakllangan madaniy-ijtimoiy ehtiyojdir. Bu ehtiyoj faqat siyosiy sabablar bois yuzaga chiqmay kelayapti.

XS
SM
MD
LG