Breaking News

O'zbekistonda aholi gaz ta'minoti sustligidan shikoyat qilmoqda


O`zbekistonda ayrim viloyatlarda havo harorati salkam 30 darajagacha sovugan. Gaz va elektr ta`minotida uzilish kuzatilib, ayrim joylarda gaz berilishi mutlaqo to`xtagan. Bu aholi tomonidan keskin norozilikka sabab bo`lmoqda.

“Gaz bosimi pasayib ketgan. Odamlar shu darajaga borganki, dispetcherlarni urub, ko`zlarini ko`kartirgan. Kimlardir o`tin olib kirib, isinayapti. Vaziyat yomon, hamma janjal, to`polon bilan hokimiyatga, boshqa joylarga borayapti. Yosh bolalar esa ko`rpaning tagidan chiqmayapti. Gazning markazi o`zi Qashqadaryo. Bilmadim, qazib olinayotgan shuncha gaz qayoqqa ketmoqda”, - deydi qashqadaryolik fuqaro.

Uning aytishicha, elektr toki bundan avval qisqargan rejaga ko`ra berilgan. Hozirga kelib, chiroq mutlaqo uzilgan. Elektr stansiyalari haddan ziyod ishlayotgani uchun yonib ketgani ta`kidlanadi.

Rasmiy idoralar shikoyatlarga quyidagicha javob bermoqda:

“Gaz bosimi suyuqlik muzlab qolgani uchun pasayib ketgan emish. Aholi tomonidan pechkalar yoqilayotgani bois elektr stansiyalar nagruzkani ko`tara olmay, chiroq o’chirilmoqda, deb tushuntirdi “gorset”ning boshlig`i”, - deydi hokimiyatga ariza bilan borgan fuqaro.

Respublikaning Fag`ona vodiysidagi ahvol ham talab darajasida emas:

“Shahar gaz tashkilotiga telefon qildim. Magistral quvurdan gaz kelmayapti deyishdi. Mening e`tirozim bor bu gapga. Havo sovib ketdi, markazlashgan isitish tizimi mutlaqo ishlamaydi. Batareyaga qo`l tekkizsangiz muzdek, odamlar gazni yoqib isinishayapti. Shuning uchun pechkalar yoqilgan, nazarimda, gaz bosimini ataylab pasaytirishgan. Aholini qarz qilib qo`yish uchun”, - deydi farg`onaliklardan biri.

O`zbekiston Respublikasining shimolida, Qoraqalpog`istonda ham gaz ta`minoti bilan bog’liq avhol og`ir.

“26 dekabrgacha gaz yondi. Bo`ldi. 4-5 yildan buyon bunday bo`lmagan edi. Faqat bir oy gaz yondi xolos. O`tinimiz yo`q, ko`mirimiz yo`q, juda yashashimiz yomon. Qanday zamon, qanday tuzum bo`ldi? Tushinib bo`lmaydi”, - deydi qoraqalpog`istonlik fuqaro.

Bu kishining aytishicha, hokimiyat vakillari biror chora ko`rishga harakat qilmayapti.

“Ulardan umuman bir yaxshi natija kutib bo`lmaydi. Menimcha, rahbarlar gaz bosimining kamayishidan manfaatdor. Chunki gaz bosimi kamayib, ozgina, nomiga yonib tursa ham, baribir, o`sha pulni - 20-30 mingni oladi. Gaz aslida yo`q, lekin pul undirilib turibdi. Bundan esa faqat rahbarlarga foyda”, - deydi u.

Ma`lumotlarga ko`ra, keyingi paytda O`zbekiston qo`shni Tojikistonga sotilayotgan gaz va elektr quvvati hajmini kamaytirgan.

O`zbekiston hukumatining Tojikiston bilan imzolagan yangi kelishuviga ko`ra, ming kubometr gaz uchun 145 dollar narx belgilangan.

O`zbekiston tabiiy gazining asosiy xaridori Rossiya bilan ham gaz narxlari bo`yicha muzokara yuritilgan, biroq hozircha Rossiyaga gaz qanchadan sotilayotgani haqida jamoatchilikka aniq ma`lumot taqdim etilmagan.

O`tgan yilgi narx esa ming kubometr gaz uchun 100 dollar atrofida belgilangan edi.

Kuzatuvchilar fikriga ko`ra, hukumat aholi ichki ehtiyoji uchun mo`ljallangan gazni ham eksport maqsadida tejayotgan bo`lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG