O'zbekiston qonunlarida bolalar huquqi kafolatlangan, amaldachi?


8 yanvar kuni “Bola huquqlarini kafolatlash to`grisida”gi qonun kuchga kirdi. Mazkur qonun o`tgan yil dekabr oyida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan edi.

Hujjat 18 yoshgacha bo`lgan bolalar huquqlarini kafolatlashni nazarda tutadi.

Qonunda bolalarning ijtimoiy, siyosiy huquqlari ifoda etilgan. Davlat bolalarning eskpluatasiya qilinishiga yo`l qo`ymasligi ta`kidlangan.

O`zbekistonda bolalar ommaviy tarzda paxta dalalarida ishlatilayotgani sir emas.

Qabul qilingan qonunning 20-moddasiga muvofiq, bolalar 16 yoshdan boshlab ishga qabul qilinishi mumkin, umumta’lim maktablari, litsey va kollejlarda o`qishdan bosh vaqtda ota-onalarning ruxsati bilan bolalarni mehnatga jalb qilish mumkin.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining vakili Abdurahmon Tanshanovning aytishicha, qonun qabul qilinishi bundan keyin bolalar paxtaga chiqmasligini anglatmaydi.

“Bolalar mehnatidan olinayotgan foydani hisob-kitob qilib, shunday xulosaga keldik: paxta, asosan, bolalar mehnati evaziga teriladi. O`zbekistonda qishloq xo`jalik mashinalari yetishmaydi. Qishloq joylarida ko`pchilik mardikorlik qilish uchun ketib qolgan. Shuni inobatga olsak, bolalar mehnatiga katta ehtiyoj bor. Ilojsizlikdan ular mehnatidan foydalanish davom etaveradi”, - deydi Tashanov.

O`tgan yili o`zbek paxtasi yig’im-terimida bolalar mehnatidan foydalanilgani xalqaro miqyosda muhokama qilingan. Moliyaviy kompaniyalar o`zbek paxtasini boykot qilishga chaqirgan edi.

Rasmiy hukumat paxta terimiga maktab oquvchilari majburiy safarbar etilayotganini rad etib keladi.

Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov fikriga ko`ra, hukumat barchasidan xabardor.

O`zbekistonda paxtaga chiqishdan bosh tortgan o`qituvchilar yuqoridan berilgan topshiriqqa ko`ra, ishdan ozod etilmoqda.

Huquq himoyachisi Ma`murjon A`zimovning so’zlariga ko`ra, qonunda 14 yoshdagi bolalarni ota-onalarning roziligi bilan mehnatga jalb qilish mumkinligi ko`rsatilgan.

“Maktab o`quvchilari nomidan paxtaga chiqishga rozimiz degan bir xat tayyorlanadi. Bu xatni tayyorlash uchun maktab o`qituvchilari, rahbarlariga buyruq beriladi, bosim o`tkaziladi. Qonunga ko`ra mumkin emas desangiz, o`quvchilar ixtiyoriy ravishda chiqyapti deb javob berishadi”, - deydi A`zimov.

“Hozirgacha ko`rib kelayapmiz, o`quvchilar paxta chopig`iga ham olib chiqiladi, paxta terimi boshlanganda dalaga chiqadi. Hech kim aniq kafolat bera olmaydi - necha kunga, qanchaga? O`quvchilar, talabalar paxta bo`yicha respublika plani bajarilmaguncha terimda bo`ladi”, - deydi u.

O`tgan yilgi ma`lumotlarga ko`ra, bolalar 5-6 sinf boshlab paxtaga chiqarilgan, paxta mavsumi jarayonida umumta`lim maktablarida o`qish bekor qilingan.

XS
SM
MD
LG