O'zbekiston taraqqiyoti mintaqaviy integratsiya bilan bog'liq


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi o’tgan yilgi hisobotida Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonini kuchaytirish muhimligiga urg’u bergan. Ana shundagina mintaqa ichki yalpi mahsuloti ikki baravar o’sishi mumkin, deyiladi hisobotda. Biroq bunga qator omillar to’siq bo’lmoqda va asosan O’zbekiston tomonidan.

Mutaxassislar fikricha, O’zbekistonning qo’shni davlatlar bilan chegaralarining yopiqligi yoki ulardan o’tishning murakkabligi, mintaqaviy savdoning sustligi, viza tizimi, bojxona nazorati punktlaridagi qog’ozbozlik va korrupsiya Markaziy Osiyoda integratsion harakatlarga pand bermoqda.

Buyuk Ipak Yo’lining tarixiy vazifasi hanuz tiklanganicha yo’q. Transport sohasida mintaqa davlatlari umumiy qoidalar qabul qilmagan. Holbuki aynan mahsulot eksport-importi va Markaziy Osiyo doirasida savdo qilish uchun transport korridorlarining ahamiyati katta. Qo’shni davlatlar o’rtasidagi energetik muammolar ham integratsiyani sekinlashtirmoqda.

Osiyo Taraqqiyot Banki yordamida 1997 yili ishga tushgan Markaziy Osiyo Mintaqaviy Iqtisodiy Hamkorlik dasturi, ya’ni KAREK o’z oldiga mintaqada aynan savdo, transport va energetika bilan bog’liq muammolarni hal qilishga yordam berishni maqsad qilib olgan.

Dastur ijrochi direktori, o’tmishda Jahon banki vitse-prezidenti bo’lgan Yoxannes Linning aytishicha, O’zbekistondan butun boshli tizimni isloh qilib, mintaqaviy integratsiyaga sharoit yaratib berishini kutgandan ko’ra, mavjud savdo, transport, bojxona va energetika muammolarini birin-ketin hal qilishga yordam bergan ma’qul.

"Albatta, ayrim transport yo’nalishlarida O’zbekiston hamkorligisiz ham ishlash mumkin mintaqada. Boshqa respublikalar asta-sekin iqtisodiy jihatdan rivojlanar va turli loyihalarda ishtirok etar ekan, O’zbekiston atrofida integratsion jarayon kuchayib boraveradi."

Yoxannes Linn boshchilik qilayotgan KAREK dasturi 8 davlat va oltita yirik moliyaviy tashkilotlarni o’z ichiga oladi. Bular Afg’oniston, Ozarbayjon, Xitoy, Qozog’iston, Qirg’iziston, Mongoliya, Tojikiston va O’zbekiston hamda Osiyo Taraqqiyot Banki, Yevropada Tiklanish va Taraqqiyot Banki, Xalqaro Valyuta Jamg’armasi, Islom Taraqqiyot Banki, BMT Taraqqiyot Dasturi va Jahon banki. O’tgan yil noyabrida Dushanbeda transport va savdo aloqalarini kuchaytirishga qaratilgan strategiya qabul qilingan. Unga ko’ra, a’zo mamlakatlarni bir-biriga va umuman Yevrosiyoga ulovchi olti yo’nalish bo’yicha savdo va transportni yaxshilash uchun sarmoyalar ajratiladi.

Markaziy Osiyo Mintaqaviy Iqtisodiy Hamkorlik dasturi rahbari Yoxannes Linn nazarida O’zbekiston dastur doirasida asosan transport, savdo va chegara nazoratini kuchaytirish masalalari bo’yicha faollik ko’rsatmoqda.

Biroq, deydi janob Linn, energetik va asosan elektr quvvatini olishga qaratilgan loyihalarda O’zbekiston o’zgacha pozitsiyaga ega. Gap shundaki, Tojikiston va Qirg’iziston elektr quvvati olish maqsadida gidroelektrstansiyalar qurmoqda. O’zbekiston esa buning natijasida suv tanqisligiga uchramoqda. KAREK dasturi, deydi uning rahbari, har bir tomonning manfaatlari va tashvishlarini inobatga olgan holda faoliyat yuritishga harakat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG