AQSh prezidentligiga nomzodlar muhojirlar masalasida tarqoq


Noqonuniy immigratsiya – AQSh prezidentlik poygasida bosh mavzulardan, ayniqsa respublikachi nomzodlar bu haqda ko’p gapiradi.

Immigrantlarga nisbatan qattiqqo’l siyosat, deydi kuzatuvchilar, respublikachilarni latin amerikalik muhojirlar ovozidan mahrum qilishi mumkin.

Hisob-kitoblarga ko’ra, AQShda hujjatsiz muhojirlar soni 12 millionni tashkil etadi. Immigratsiya mavzusi saylovoldi debatlarni qamrab olgan.

Fikrlar tarqoq. Prezidentlikka nomzodlarning ba’zilari, xususan senator Jon Makkeyn AQShda anchadan beri yashayotgan va oilali muhojirlarga maxsus dastur orqali fuqarolik berilsin deydi. Shu bilan birga chegara xavfsizligini kuchaytirish tarafdori.

Respublikachi Mitt Romni esa bu tashabbus noqonuniy muhojirlar sonini oshiradi, deydi.

“Amerikada hujjatsiz yashayotganlarga hech qanday imtiyoz berilmasin, immigratsiya qonunlariga rioya qilmagan shaharlar byudjetini qirqaman”, - deydi Romni.

Masala yuzasidan yakdillik yo’q. Shu bois Bush ma’muriyatining immigratsion islohotlar tashabbusi to’xtab qolgan.

Vashingtonda joylashgan Pyu tadqiqot markazi tahlilchisi Skot Kiter, aksariyat saylovchilar uchun noqonuniy immigratsiya katta ahamiyat kasb etmaydi, deydi.

“Mavzu o’ta konservativ saylovchilarni joyidan qo’zg’atishi mumkin. Shunday saylovchilar borki, ular noqonuniy immigrantlarni umuman mamlakatdan chiqarib tashlash tarafdori. Nomzodlar ular bilan hisoblashadi”, - deydi tahlilchi.

Latinolar huquqini himoya qiluvchi tashkilot xodimi Sesilia Munyoz fikricha, respublikachilar tanqidi orqali latinolarni o’zidan uzoqlashtirmoqda. Bu katta bir jamoani nishonga olish bilan barobar, deydi faol.

Hozirda to’qqiz millionga yaqin lotin amerikalik ovoz berishga haqli.

2004 yilgi saylovlarda ularning 40 foizi prezident Bushga ovoz bergan. Hozirga kelib esa respublikachilar bunday ko’rsatgichga erishishi amri-mahol.

XS
SM
MD
LG