Moskva-Vashington aloqalari rahbarlar o'zgargach ijobiylashadimi?


Rossiya mart oyida yangi prezidentni saylaydi. AQSh rahbari Jorj Bush ham yil oxirida muddatini yakunlaydi.

Aksariyat tahlilchilar nazarida ikki mamlakat orasida munosabatlar sovuq. Kreml va Oq uy uchun 2007 yil o’zaro tanbeh va gina-qudrat bilan yakunlandi.

O’tgan yilning fevral oyida Germaniyada o’tgan konferensiyada prezident Vladimir Putin AQSh tashqi siyosatini tanqid qilib, Amerikani dunyoda yakkahokim bo’lishga urinayotganlikda ayblagan edi.

General Brent Skovkroft – Oq uy sobiq maslahatchisi:

“Rossiya Sovuq Urush tugagandan so’ng qudratli derjavadan hech kim e’tibor bermaydigan bir davlatga aylanib qolgani Kremlga og’ir botdi, deydi amerikalik tahlilchi. Endilikda esa Rossiya asosan neft eksporti hisobiga o’zini tiklab oldi. Obro’sini, avvalgi nufuzini tiklamoqchi,” - deydi general Skovkroft.

Vashington va Kreml o’rtasida eng ziddiyatli masala – AQShning Chexiya va Polshada mudofaa tizimi o’rnatish rejasidir. AQSh rasmiylari bu Rossiyaga qaratilmagan deya qanchalik takrorlamasin, Kreml bu gaplarga ishonmaydi.

Tahlilchi Endryu Kuchins ta’biricha buning ikki sababi bor:

“AQSh mudofaa tizimining sobiq Varshava Shartnomasiga a’zo davlatlarda o’rnatilishi Rossiya uchun nozik masala. Rossiyaning minglab yadro qurollari bor. Tizim unga tahdid solmaydi. Lekin 20-25 yildan so’ng bu tizim qanday ko’rinishga ega bo’ladi – gap ana shunda.”

Tomonlarni bir-biridan uzoqlashtirayotgan yana bir masala – Kosovo. 1999 yildan beri BMT va NATO nazorati ostida bo’lib kelgan bu o’lka aholisi asosan albanlar.

Ular Serbiyadan mustaqil bo’lishni istaydi. AQSh va Yevropa bu tashabbusni ma’qullaydi, lekin Serbiya va uning ittifoqchisi Rossiya bunga qarshi.

1990 yillarda AQSh davlat kotibi, ya’ni tashqi ishlar vaziri bo’lgan Lorens Iglberger Kosovo maqomi yuzasidan kelishmovchiliklarni shunday izohlaydi:

“Muayyan bir mamlakatning bir qismini undan ajratib, mustaqil deb e’lon qilish tashabbuslariga qarshiman. Xalqaro hamjamiyat bunga o’zini haqli deb bilishi taajjubli hol.”

AQShning Kolumbiya Universiteti olimi Robert Legvold fikricha Rossiya o’z hududida, jumladan Chechenistonda separatizm avj olishidan qo’rqadi. Lekin shu bilan birga, deydi u, Rossiya Abxaziya va Janubiy Ossetiyaning Gruziyadan ajralishini qo’llab-quvvatlaydi.

Aksariyat tahlilchilar AQSh va Rossiya o’rtasida munosabatlar yil oxirigacha o’zgarmaydi degan fikrda.

2 mart kuni Rossiya yangi prezidentga ovoz beradi, Amerikada esa saylovlar 4 noyabrga belgilangan.

XS
SM
MD
LG