Shoir Yusuf Juma militsiya xodimiga hujum qilganlikda ayblanmoqda


Yaqinda shoir Yusif Juma taqdiridan xavotir bildirilgan murojaat e`lon qilindi. Unga qator davlatlardan ziyolilar imzo chekkan.

BMT, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro tashkilotlarga va O`zbekistondagi diplomatik korpuslarga yo`llangan mazkur murojaatda Yusuf Juma qayerda saqlanayotganini jamoatchilikka ma`lum qilish, uni advokat bilan ta`minlashda yordam ko’rsatish so`raladi.

Maktubda O`zbekiston hukumati muxolifatni turli yo`llar bilan yo`qotib kelgani ta`kidlanadi. Yusuf Juma uyining maxsus xizmat xodimlari tomonidan qurshovga olinishi muxolifatga qarshi kurash shafvqatsiz tus olganidan darak beradi deyiladi unda.

Shoir Yusuf Juma va uning o’g’li Bobur o`tgan dekabr oyida Yangi yo`l tumanida hibsga olingan edi. Hozircha shoir va uning o`gli militsiya xodimlariga hujum qilishda ayblanayotgani mal`um.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati ma`lumotiga ko`ra, ayni paytda shoir Buxorodagi qamoqxonada saqlanmoqda.

Yusuf Juma ishi bilan tanishayotgan advokat Ruhiddin Komilov keyingi haftada shoir bilan uchrashishiga umid bildiradi.

“219-modda, hokimiyat vakiliga qarshilik qilish, 140-modda ham shu doiradagi ayblov. Shoir hozir o’g’li bilan Buxorodagi 1-tergov hibsxonasida saqlanmoqda. 219-modda bo`yicha besh yilgacha qamoq va ahloq tuzatish ishlari, 140-modda bo`yicha 3 oydan 6 oygacha qamoq muddati bor”, - deydi Komilov.

Dekabar oyida qamoq jazosiga hukm qilingan huquq himoyachilaridan yana biri Karim Bozorboyev amnistiya tufayli ozod qilingan.

Muxolifatdagi faoliyati yoki inson huquqlari bo`yicha yuritgan faoliyati sababli qamalgan kishilar O`zbekistonda ko`pchilikni tashkil etadi.

Huquq himoyachilari fikriga ko`ra, qamoqdagi bu faollarning avholi og`irligicha qolmoqda. Ularni ozod etish borasida xalqaro miqyosdagi chaqiriqlarga qaramasdan, mamlakatda vaziyat yumshayotgani kuzatilmaydi.

“Faqatgina Karimov ketgandan keyin o`zgarish bo`lishi mumkin. Chunki u yuritayotgan siyosatning eskirgani hammaga ma`lum”, - deydi O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakili Abdulla Tojiboy o`g`li.

Alyans vakillari dekabrda o`tgan prezident saylovini inson huquqlari va konstitusiyaning qo`pol buzilishi sifatida baholab, Markaziy saylov komissiyasini sudga berishga urinib keladi.

O`zbekiston Bosh prokuraturasi bu talab bo`yicha Oliy Sudga murojaat qilishni maslahat bergan. Oliy Sud esa huquq himoyachilarining arizalarini e`tiborsiz qoldirgan.

“Ular ham bilishadi, lekin biror narsa deb javob berishga qo`rqishadi”, - deydi u.

Abdulla Tojiboy og`lining so’zlariga ko`ra, saylovdan keyin vaziyat o`zgarishi mumkin degan umidlar puchga chiqqan. Aksincha, ozodlikdan mahrum etilishi kutilayotgan va mamlakatdan chiqib ketayotgan faollar soni ko`payib bormoqda.

Ayni paytda shoir Yusuf Juma bilan birga uning ikki o`g`li, Bobur va Mashrab Jumayevlar ham qamoqda saqlanmoqda.

Shoirning oila a`zolari, jumladan, aksilkonstitusiyaviy harakatda ayblanayotgan turmush o`rto`gi Gulnora Oltiyeva ayni paytda mamlakatni tark etib, siyosiy boshpana so`rashga majbur bo`lgan.

XS
SM
MD
LG