Afg'onistonda non o'rniga qoradori ko'paymoqda


AQShning Afg’onistondagi elchisi Uilyam Vudning aytishicha, mamlakat bo’ylab oziq-ovqat o’rniga ko’proq qoradorining yetishtirilayotgani jangarilar faoliyatini kuchaytiribgina qolmay, oziq-ovqat kamomadini ham keltirib chiqarmoqda.

Elchi Vud shu hafta Musa Qal’a tumaniga borib, mahalliy hukumat bilan qoradoriga qarshi kurash yo’llarini muhokama qilgan. Yaqingacha Musa Qal’a Tolibon qo’lida edi va bu yerda qoradori yetishtirish keng yo’lga qo’yilgan. Bir oy burun AQSh va koalitsiya kuchlari shiddatli janglarda tumanni toliblardan tortib olib, jangarilar safidan ketgan Mulla Abdul Salomni hokim etib tayinlagan.

AQSh elchisi Uilyam Vudning Amerika Ovoziga aytishicha, u hokim Abdul Salom bilan uchrashib, dalalarda bug’doydan ko’ra afyun ko’proq ekilganini xavotir bilan gapirgan.

Buning oqibatida esa tumanda non kamayib bormoqda.

Bundan tashqari jangarilar o’z faoliyatini qoradori savdosidan tushayotgan pul hisobiga moliyalagan.

Musa Qal’a ozod etilgach, deydi elchi Vud, uning atrofida millionlab dollarga teng qoradori, laboratoriyalar musodara qilingan.

Umuman olganda, deydi elchi, mamlakat bo’ylab zo’ravonlik susaygan, xavfsizlik kuchaymoqda.

Bunga jangarilarning 2007 yil davomidagi ko’plab mag’lubiyatlari va diqqatlarining qo’shni Pokistonga qaratilgani sabab, deb hisoblaydi AQShning Afg’onistondagi elchisi.

XS
SM
MD
LG