O'zbekiston paxtasi jahon bozorida rad etilmoqda


Xalqaro savdo kompaniyalari O`zbekiston paxtasidan voz kechishda davom etmoqda.

Rasmiy Toshkentni bolalar mehnatidan foydalanishda ayblab kelayotgan nodavlat tashkilotlar bu tashabbusni qo`llab-quvvatlayapti.

Yaqinda dunyoning taniqli savdo tarmoqlaridan biri "Tesco" o`zbek paxtasi ishlatilgan mahsulotlarni sotib olmasligini bildirgan edi.

"Tesco" do'konlar tizimi dunyoda kattaligi jihatdan AQShning "Wal-Mart" va Fransiyaning "Carrefour" supermarketlaridan keyingi uchinchi o'rinda turadi. 2007 yilda 2.55 funt sterling (qariyb 5 milliard AQSh dollari) miqdorida daromad qilgan.

Biroz o`tib Britaniyada asoslangan yana bir savdo tizimi "Marks & Spencer" ham o`zbek paxtasiga nisbatan boykot e`lon qildi. "Marks & Spencer" jahonning 30 dan ortiq davlatida 760 do'konga ega. Yillik daromadi 8 milliard funt sterling (15 milliard AQSh dollari) atrofida.

O’tgan bir yil mobaynida Yevropa ommaviy axborot vositalarida O`zbekiston qishloq xo`jaligida maktab o`quvchilari mehnatidan foydalanishga oid maqolalar berilgach, bu jiddiy bahslarga sabab bo`lgani ta`kidlanadi.

Shundan so`ng xalqaro nodavlat tashkilotlar moliyaviy va savdo kompaniyalaridan o`zbek paxtasini rad etishni so’ray boshladi.

O`tgan yil Boltiqboyi va Finlyandiyadagi ayrim savdo kompaniyalari bu kampaniyaga qo`shilgan edi.

Paxta eksporti O`zbekistonga har yili 500 million funt sterling daromad olib keladi. Lekin bu daromad paxta yetishtirganlar emas, dasosan siyosiy elita o`rtasida taqsimlanadi.

O'zbekistonda bolalar mehnatisiz paxta hosilini yig`ishtirish mumkinmi?

“Mumkin, agar fermerlarga mustaqilik berilsa. Xuddi Qozog`istondagi singari. Ular faqat yerga nisbatan soliq to’lasin. Boshqa rivojlangan davlatlarda paxta qanday yetishtirilayotgan bo`lsa, shu tajriba qo`llanilsin. Fermerni oyoq-qo`lini bo’shatish kerak. Shunda bolalar mehnatiga ehtiyoj qolmaydi”, - deydi viloyatdagi faollardan biri Avaz Tursunov.

Paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanish uzoq tarixga ega. Mustaqil yillarida Sovet davridan qolgan kolxozlar fermer xojaliklariga aylandi, ammo bu an’anadan voz kechilmadi.

Paxta hali ham majburan ektiriladi va majburan davlatga topshiriladi. Aksariyat fermer xojaliklari davlatdan qarz.

“Paxta bahosi juda tashvishli masala. Men o`z paxtam uchun beriladigan haqni ololmay kelaman. Tan narxini hisoblab ko`rsangiz, paxta davlatga tekinga tushayapti”, - deydi hosilidan daromad ko’rmagan fermerldan biri.

Davlat paxta yig’imini maktab o`quvchilari va talabalarni ommaviy terimga chiqarish orqali hal etadi.

“O`quvchilarga sen falon kilo paxta terasan, agar termasang, choragingga ikki baho chiqaraman deyish, bu yosh avlodni tobora bilimsiz bo`lishiga olib keladi”, - deydi Avaz Tursunov.

Rasmiy Toshkent nazarida o`zbek paxtasining jahon bozorida boykot qilinayotganini nosog`lom raqobot deya ta’riflagan. Buni O’zbekiston davlatiga ko`rsatilgan iqtisodiy-siyosiy bosim sifatida baholagan. Islom Karimov hukumati paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanilmaydi deb keladi. O`zbekistonda 2008 yildan boshlab Bola huquqlarini kafolatlash haqidagi qonun kuchga kirgan.

Nohukumat tashkilotlar bolalarni majburiy ishlatishdan voz kechib, qator islohotlar qilmaguncha ahvol o’zgarmaydi degan fikrda.

XS
SM
MD
LG